Huawei 1
Buxoroda uch g‘ildirakli yuk motosikllari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi

Buxoro viloyati, Olot tumanida uch g‘ildirakli yuk motosikllari ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilgani qiziqishlarga sabab bo‘lmoqda.

Olot tumanida  «Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi»ning barpo qilingani tashabbuskor mahalliy yoshlar, o‘zini biznesda sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan havaskorlar uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur loyiha uchun 2021 yilda tuman hokimining qaroriga asosan, tumandagi  «Xalifa» mahallasidan 2 gektar yer maydoni ajratilgan. Unda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etish ishlari jadal boshlangan. Bunda zarur infratuzilma-muhandislik-kommunikatsiya tarmog‘i shay qilinib, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 300 million so‘m elektr tarmoqlari qurilishiga, 350 million so‘m mablag‘ tabiiy gaz tarmoqlari qurilishi uchun ajratilgan.

Sanoat zonada faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan dastlabki biznes loyihalaridan biri yosh tadbirkor Farhod To‘ramurodov rahbarligidagi «Buxoro Gold Star Moto»MCHJdir. Bunda umumiy qiymati 15 milliard so‘m bo‘lgan uch g‘ildirakli yuk motosikllari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Korxona ta’sischisi esa dastlabki bosqichda 50 nafar ishchi-mutaxassis bandligini ta’minlash, ishni barqaror tashkillashtirish orqali yiliga zamonaviy rusumdagi 3 ming dona yuk motosikli yig‘ib tayyorlashni maqsad qilgan.

«Bugunga kelib hududda belgilangan qurilish-montaj ishlarining aksar qismi bajarilgan bo‘lib, ayni kunda ichimlik suvi hamda oqava tarmog‘ini barpo qilish, yo‘l qismini asfaltlashtirish va atrofni obodonlashtirish chora-tadbiri ko‘rilmoqda. Bundan besh yil ilgari Qorovulbozor tumanida «Lochin» brendi ostidagi zamonaviy hamda qulay yuk motosikllari, shuningdek, motokultivator va kvadrosikllar ishlab chiqarila boshlagan edi. Uch g‘ildirakli yuk motosikli tayyorlaydigan konveyerimiz esa  «Lochin»ning muqobilidir»,— dedi yosh tadbirkor Farhod To‘ramurodov.

Yosh tadbirkor mazkur uch g‘ildirakli mototransport vositasining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, dala-dehqonchilik ishlarida, jumladan, issiqxonalarda yetishtiriladigan mahsulotlar va boshqa yuklarni tashishda tirkagichli texnikalarga nisbatan qulayligi, kam yonilg‘i sarf qilishi va boshqa jihatlari bilan ancha afzalliklariga egaligi haqida so‘zladi.

«Bir tonna va undan ko‘proq yuk ko‘tarish quvvatiga ega. Bu ulov chetdan xarid qilinadigan texnik vositalardan narxi arzonligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, dehqon hamda fermer xo‘jaliklari uchun qulay, ya’ni hamyonbop. Qolaversa, hademay bu yerda dastlabki yig‘iladigan shosse, bort, ressor va boshqa butlovchi qismlar syexlari ham ishga tushiriladi. Syexda mehnat qiladigan ishchi-mutaxassislarga 3 million so‘mdan 5 million so‘mgacha oylik maosh tayinlangan. Shuningdek, ijtimoiy muhofazaga olingan oilalar, ishsiz fuqarolarga yuk motosikllarini imtiyozli kredit mablag‘lari asosida ham rasmiylashtirib berishni yo‘lga qo‘ydik»,— dedi yosh tadbirkor.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61008 | Инструменты