Huawei 1
AQShda bortida 20 kishi bo‘lgan samolyot qulab tushdi. Barcha tirik qoldi

Tennessi shtatida bortida 20 kishi bo‘lgan samolyot falokatga uchradi. Tallahoma shahri rasmiylarining ma’lum qilishicha, avariya havo kemasi mahalliy aerodromdan ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, samolyot bortida bo‘lgan barcha tirik qolgan, to‘rt nafar jabrlanuvchi vertolyotlarda shifoxonaga yetkazilgan.

AQSh Fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, gap ikki motorli De Havilland Canada DHC-6 Twin Otter samolyoti haqida ketmoqda. Mahalliy OAVning yozishicha, havo kemasidan parashyut bilan sakrash bo‘yicha mashg‘ulotlarda foydalanilgan.

Internetda tarqalgan kadrlardan ko‘rish mumkinki, samolyot dum qismiga shikast yetgan va qanoti uzilgan holda o‘tloq ustida yotibdi. Shahar ma’muriyati vakili Layl Rasselning ta’kidlashicha, falokat oqibatida aeroport binosi va boshqa inshootlarga shikast yetmagan.

Avariyaga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. AQSh Fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi va Transportda xavfsizlik bo‘yicha milliy kengash o‘z tergovlarini boshlagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61001 | Инструменты