Huawei 1
«ChatGPTʼdan diniy savollarga javob olish joiz emas» – O‘zbekiston musulmonlari idorasi

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo markazi «ChatGPT (sunʼiy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?» degan savol yuzasidan o‘z javobini eʼlon qildi.

«Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, ChatGPT platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, baʼzan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois sharʼiy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor», deyiladi diniy idora mutaxassislarining javobida.

Diniy idora masʼullarining aytishicha, musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi.

«Alloh taolo oyati karimada «Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!» (Anbiyo surasi, 7-oyat) deya marhamat qilgan. Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, eʼtiqod va din-u diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi», deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bayonotida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82901 | Инструменты