O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 avgustdan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida har ish kunining muayyan vaqtlarida jismoniy tarbiya va harakat faolligi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib boriladi.Davlat organlari xodimlarning vakillik organlari bilan hamkorlikda:
- imkoniyatdan kelib chiqqan holda tashkilot hududida sport zonalarini tashkil etadi;
- xodimlar jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
- sport targ‘ibotchilari tomonidan xodimlar o‘rtasida tana vazni indeksi o‘lchab borilishini hamda har bir xodim bo‘yicha maʼlumotlarning “hrm.argos.uz” platformasiga muntazam kiritib borilishini taʼminlaydi;
- xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga rioya etilishi bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirib boradi.
Davlat xizmatchilari orasida sog‘lom turmush tarzini joriy etish maqsadida:
- Sport vazirligi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda jismoniy tarbiya va harakat faolligi bo‘yicha tavsiyaviy tadbirlar va jihozlar ro‘yxati hamda ularning meʼyorlarini tasdiqlaydi;
- Sog‘liqni saqlash vazirligi 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilari yiliga kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini tashkillashtiradi;
- Raqamli texnologiyalar vazirligi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda “hrm.argos.uz” platformasida xodimlarning tana vazni indeksini kiritib borish imkoniyatlarini yaratadi;
- davlat organlari 2026 yil 1 yanvardan boshlab o‘zlariga tegishli bo‘lgan oshxonalarni to‘liq autsorsing asosida tashkil etadi, ularda sog‘lom ovqatlanishni keng joriy qiladi hamda shirinliklar, yog‘li, xamir solingan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar, shuningdek, odam sog‘ligiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi boshqa turdagi mahsulotlarning savdosini cheklaydi;
- Sog‘liqni saqlash vazirligi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda davlat xizmatchilarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi hamda davlat organlarining oshxonalariga qo‘yiladigan talablarni va sog‘lom ovqatlanish meʼyorlarini tasdiqlash choralarini ko‘radi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72720 | Инструменты