O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmon loyihasini tayyorlashda mahalliy va xorijiy ekspertlar hamkorligi taʼminlandi, Irlandiya, Fransiya, Germaniya, BAA, Latviya, Angliya, Ispaniya, AQSH, Koreya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Bosniya va Gersegovina, Singapur kabi davlatlar tajribalari o‘rganildi.
Normativ hujjat davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yo‘naltirish, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yana-da oshirish, sohaga istiqbolli kadrlarni jalb qilish va ularni professional mutaxassis etib tayyorlashning samarali tizimini joriy qilish, shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratildi.
Farmon bilan:
- Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi;
- Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari;
- Davlat fuqarolik xizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar;
- Davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati;
- Respublika, hududiy va tuman darajasidagi davlat organlari davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri;
- Milliy darajadagi davlat organlari davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri;
- Davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash uchun tanlov o‘tkazish tartibi;
- Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish tartibi;
- Davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka darajalarini berish tartibi to‘g‘risida nizom;
- Davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz ravishda oshirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Ushbu normativ hujjat davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yo‘naltirish, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yana-da oshirishda yangi davrni boshlab beradi.
Farmonga ko‘ra, 2025-2026 yillarda davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi
Ular quyidagilar:
- davlat organlarida kadrlar bilan ishlashning zamonaviy usul va mexanizmlari hamda yaxlit tizimini joriy etish;
- davlat organlarida salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish;
- xodimlarning davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan boshlab butun mehnat faoliyati davomida zarur bilim va kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirishini tashkil etish va monitoring qilish;
- davlat xizmatiga xotin-qizlarni keng jalb qilish uchun ularning sohaga bo‘lgan qiziqishi, manfaatdorligi va ishonchini oshirish.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 avgustdan boshlab:
- respublika, hududiy va tuman(shahar) darajasidagi tashkilotlar lavozimlarining boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqatgina “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali” orqali o‘tkaziladi;
- qonunchilikda lavozimga tayinlashda tegishli organlar bilan kelishilishi lozim bo‘lgan lavozimlar bo‘yicha kelishuv ushbu organlarning vakillarini tanlov komissiyasi tarkibiga kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi;
- test sinovlari “Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli” orqali maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy onlayn proktoring tizimi orqali o‘tkaziladi. Bunda tegishli davlat organida test sinovlarini maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy o‘tkazish masalasi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan murojaatlar tahlili, o‘rganishlar va so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra hal etiladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga quyidagi huquqlar beriladi:
- tanlovning suhbat bosqichiga davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tashkilotlar yoki davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlarining vakillaridan ekspertlarni jalb qilish;
- tanlov yakunlariga taʼsir ko‘rsatgan va bartaraf etib bo‘lmaydigan kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tegishli davlat organiga tanlov komissiyasining qarorini bekor qilish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritish.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72720 | Инструменты