DSQ qarori bilan “Kameral soliq tekshiruvini o'tkazish to'g'risida”gi Nizom tasdiqlandi
Davlat soliq qo'mitasining qarori bilan “Kameral soliq tekshiruvini o'tkazish to'g'risida”gi Nizom tasdiqlandi va joriy yilning 29 may kuni Adliya vazirligida 3236-son bilan davlat ro'yxatidan o'tkazildi.
Nizomga ko'ra, kameral soliq tekshiruvi soliq organining buyrug'i asosida, soliq organi joylashgan joyda:
- soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori yoki o'rtacha bo'lganda;
- soliq organiga jismoniy va yuridik shaxslarning soliq to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlari kelib tushganda;
- soliq hisobotida tafovut va (yoki) xatoliklar aniqlanganda;
- soliq to'lovchining avvalgi hisobotiga nisbatan to'lanishi lozim bo'lgan soliq summasi kamaytirilgan yoki ko'rilgan zarar summasi ko'paytirilganligi sababli, aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilganda amalga oshiriladi.
Mazkur tekshiruvda zaruratdan kelib chiqib, soliq organlari soliq to'lovchining hudud va binolarini ko'zdan kechirishi mumkin. Ushbu tadbirlar soliq to'lovchida belgilangan ish rejimiga asosan bir ish kunidan oshmagan vaqt davomida o'tkaziladi. Shuningdek, hududni o'rganish paytida soliq to'lovchidan soliq hisoboti ma'lumotlari bilan bog'liq bo'lgan hujjatlar va narsalarni olib qo'yishga yo'l qo'yilmaydi.
Kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan so'rovnoma orqali soliq to'lovchidan, birlamchi hujjatlarni, buxgalteriya hisobi registrlarini hamda soliqlarni hisoblab chiqarish uchun asos bo'lgan boshqa hisob hujjatlarini talab qilib olishga haqli.
Agar soliq to'lovchilarda yo'qolganligi yoki boshqa sabablarga ko'ra hujjatlarni topshirishda qiyinchilik tug'ilsa, soliq organlari ularni uchinchi shaxslardan talab qilish huquqiga ega.
Agar tekshiruv o'tkazgan mansabdor shaxsning belgilangan tartibda tuzilgan xulosasida tafovut va (yoki) xatolar aniqlanganligi tasdiqlansa, ikki kunlik muddatda soliq to'lovchiga kamchlik va xatolarni bartaraf etish yoxud ularni asoslantirish to'g'risidagi talabnoma yuboriladi.
Talabnoma yuborilgan sana kameral soliq tekshiruvi yakunlangan sana hisoblanadi.
Tekshiruv jarayonida huquqbuzarliklar va boshqa tafovutlar aniqlanmagan taqdirda, kameral soliq tekshiruvi yakunlangan hisoblanadi.
Talabnoma yuzasidan tushuntirish va tafovutlarning asosnomasi bilan birga soliq hisobotiga kiritilgan ma'lumotlarning to'g'riligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi shart.
Yangiliklardan biri – soliq to'lovchi tomonidan taqdim etilgan tafovut asosnomalarini ko'rib chiqayotganda soliq organi ularni to'liq yoki qisman qabul qilishi yoxud tafovutning asosnomasi yetarli emas deb xulosa qilishi mumkin.
Asosnoma qisman qabul qilinganda, soliq organi aniqlangan nomuvofiqliklarni tuzatish uchun ilgari berilgan talabnomani qaytarib oladi va soliq to'lovchiga taqdim etilgan asoslarni hisobga olgan holda aniqlashtirilgan talabnoma yuboradi.
Ta'kidlash joiz, aniqlashtirilgan talabnoma bir marta yuboriladi!
Soliq to'lovchi aniqlashtirilgan talabnomaga javoban aniqlashtirilgan soliq hisobotini soliq organiga uni olgan kundan boshlab besh kun ichida taqdim etishi shart.
Ta'kidlash kerakki, ushbu qoida soliq hisobotlarini to'ldirish va byudjetga soliqlarni to'g'ri hisoblash masalalari bo'yicha soliq to'lovchilar bilan yanada samarali hamkorlikni yo'lga qo'yishga yordam beradi.
Ushbu hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 30.05.2020 yildan kuchga kirdi.
DSQ Matbuot xizmati
Alpha version: 0.9.1.19 build 51211 | Инструменты