Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Tojikiston Respublikasining Panjikent tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Samarqand viloyatining Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi 1 nafar Tojikiston va 6 nafar O‘zbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tezkor tadbir davomida, guruh aʼzolaridan qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 11 kg 502 gr “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, ulardan 2600 AQSH dollari, 12 mln 690 ming so‘m va 850 somoni ham ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi. Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan ushbu narkotikni O‘zbekistonda sotishni rejalashtirishgan.
Taʼkidlash lozimki, jinoiy guruhning Urgut tumanida yashovchi 6 nafar aʼzosidan 2 nafari muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, 1985-yilda tug'ilgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi to‘xtatilib, uning yuk sumkasi ko‘zdan kechirildi. Natijada, sumka ichida 46 kg 738 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi bo‘lgan, 1976-yilda tug'ilgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi hamda haydovchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, 1964-yilda tug'ilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ham ushlandi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham tezkor tadbir o‘tkazishdi.
Xususan, Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan “Jentra” rusumli avtomashina Pop tumani hududida joylashgan YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1996 va 2001-yillarda tug‘ilgan aka-uka ketayotgan avtomashina salonida 19 kg 885 gr “gashish” moddasi borligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, aka-ukaning jinoiy sherigi bo‘lgan va boshqa avtomashinada ularni kuzatib borayotgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1998-yilda tug'ilganshaxs ham qo‘lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular muqaddam tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan narkotik moddalarni olib ketayotganliklari maʼlum bo‘ldi.
Hozirda uchala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122406 | Инструменты