Huawei 1
Endi soxta tabiblar javobgarlikka tortiladi

Zamonaviy tibbiyot ilmiy asoslangan va klinik amaliyotda o‘z tasdig‘ini topgan natijalarga suyansa, xalq tabobati uzoq yillik kuzatuv, sinov va tajriba samaralariga tayanadi. 

Biroq so‘nggi vaqtlarda tegishli huquqqa ega bo‘lmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash bilan shug‘ullanayotgan hamda bu orqali insonlar sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirayotgan soxta tabiblar ko‘payayotgani achinarli.

Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov turli yo‘llar bilan odamlar ishonchiga kirib, shunday “xizmat”larni taklif qilib kelayotgan ayrim shaxslar haqida quyidagicha munosabat bildirdi:

— Ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targ‘ib qiluvchi platformaga aylanib qoldi, — deydi mutaxassis.  — Ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham asosan og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarimiz.

Turli xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy yo‘l va uy sharoitida xalos bo‘lishni istaganlar “g‘ayritabiiy qobiliyatlarga ega”ligini iddao qilayotgan bunday kimsalarga murojaat qilib, aldanib qolishmoqda.

Masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kasalliklarni davolashda chuvalchang isteʼmol qilish foydali ekanligini targ‘ib qiluvchi videolavhalar tarqaldi. 

Unda xalq tabobati bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan  “tabib” tomonidan odamlarni o‘z tavsiyalariga ishontirish uchun tirik holatdagi chuvalchangni isteʼmol qilib ko‘rsatishi aks etgan.

Avvalo, bunday xatti-harakat sanitariya holatiga zid. Qolaversa, ushbu “davolash usuli” tabobatda ham, zamonaviy tibbiyotda ham asoslanmagan.  Videodagi jonzot yer chuvalchangi yoki yomg‘ir chuvalchangi deb ataladi. U tuproqdagi har xil parazit va mikroelementlar bilan organizmga tushgach, turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Keyingi yillarda davlat tomonidan xalq tabobati rivojiga keng yo‘l ochilganidan foydalanib, shaxsiy manfaat ilinjida soxta tavsiyalar bilan odamlarni aldash calbiy asoratlarni yuzaga keltirishini eslatib o‘tmoqchimiz. 

Shu bois mazkur masala bo‘yicha qonunchilikka alohida javobgarlik kiritish taklif etilmoqda.

Maʼlumot uchun: ayni paytda yurtimizda 100 ta tadbirkorlik subyektiga xalq tabobati yo‘nalishida faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi tegishli litsenziyalar berilgan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122418 | Инструменты