Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 22-dekabrdagi PF-211-son Farmonlariga asosan mamlakat ilmiy-texnologik salohiyatini yuksaltirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda Fanlar akademiyasi hay’ati va tegishli fan ixtisosliklari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan haqiqiy a’zolarning tavsiyasiga asosan fizika-matematika, kimyo, biologiya, texnika, qishloq xo‘jaligi va boshqa fanlar bo‘yicha bir guruh olimlar Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi e’tib tasdiqlandi.
Shuningdek, prezidentning 2023-yil 22-dekabrdagi PF-212-son Farmonlari bilan mamlakatda ilm-fan sohasini rivojlantirish, xalqimizning intellektual salohiyatini yuksaltirish, nufuzli xorijiy muassasalar bilan o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh olimlar davlatning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 23-dekabr kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasida mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva faxriy unvon, orden va medallarni, shuningdek, Prezidentning topshiriqlariga asosan Bosh vazir Abdulla Aripov Fanlar akademiyasining yangi haqiqiy a’zolariga ko‘krak nishoni hamda guvohnomani o‘z egalariga topshirdilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42003 | Инструменты