Huawei 1
Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida korrupsiya bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “Farg‘ona suv taʼminoti” AJ Qo‘qon shahar bo‘limining muqaddam sudlangan 2 nafar inspektori o‘z xizmat vazifalaridan foydalanib, Qo‘qon shahrida mahalliy qurilish firmasi barpo etayotgan yangi ko‘p qavatli uylardagi jami 555 ta xonadonga ichimlik suvi uchun hisoblagich o‘rnatish, shaxsiy kartochka ochish, sertifikat qilib berish va boshqa xizmatlar evaziga 51 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasining 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Namangan viloyatida kuzatilgan holatda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga qarashli “Energosavdo” korxonasining Davlatobod tuman bo‘limi muhandisi metall eritish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJda elektr hisoblagichdan noqonuniy foydalanilganligi sababli, davlatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligini ro‘kach qilib, holatni rasmiylashtirmaslik va jarimaga tortmaslik evaziga vositachi orqali 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Andijon viloyatidagi tumanlardan birining kadastr bo‘limi boshlig‘i fuqaroga bog‘dorchilik yo‘nalishida foydalanish uchun hokimiyat tomonidan ijaraga berilgan 1 gektar yer maydonining 17 sotix qismidagi noqonuniy qurilmani buzish bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik, sudlarga daʼvo arizasi kiritmaslik va uni jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan prokuratura organlariga hujjatlar taqdim qilmaslik, shuningdek, keyinchalik ushbu yer maydonining 22 sotix qismini “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida”gi qonun asosida turar-joy sifatida rasmiylashtirilishida yordam berish evaziga 6 ming AQSH dollari talab qilgan.

Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘ini o‘zining xizmat xonasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31418 | Инструменты