Huawei 1
Farg‘onada “Hizb ut-Tahrir”ning yashirin guruhi a’zolari ushlandi

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining yashirin guruhi fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qo‘qon shahrida yashovchi 1962 yilda tug‘ilgan, muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotiga a’zo bo‘lib, Jinoyat kodeksining 159 (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244-1 (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) hamda 244-2 moddalarida (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun 2000-2019 yillarda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan shaxs 1965-1971 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 4 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy guruh tuzgan.

2024-2025 yillar davomida Qo‘qon shahridagi choyxona va oshxonalarda o‘tkazilgan o‘zaro yig‘inlarda guruh a’zolari “Hizb ut-Tahrir” g‘oyalarini O‘zbekistonga olib kirilishini, ushbu tashkilot tomonidan chop etilgan kitob va jurnallarda ifodalangan aqidaparastlikni, xalifalik davlati qurish g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Shuningdek, Telegram messenjeridagi yopiq kanalga a’zo bo‘lib, unda “Hizb ut-Tahrir”ga tegishli materiallar bilan muntazam tanishib borgan.

“Ta’kidlash lozimki, guruhning 1971 yilda tug‘ilgan a’zosi ham muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotidagi ishtiroki uchun 23 yillik jazo muddatini o‘tab,  2024 yilning aprel oyida ozodlikka chiqqan bo‘lsa, boshqa bir a’zosi esa firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun umrining ma’lum bir qismini panjara ortida o‘tkazgan shaxs hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 159 (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244-1 (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) hamda 244-2 moddalari (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82823 | Инструменты