Farg‘ona viloyatida “Dolzarb 40 kunlik” doirasida 298 nafar tezkor vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslarning yashash manzillarida kompleks tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi. Unda 96 ta jinoyat aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
Ma'lum bo'lishicha, jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashiringan 50 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan. Guruhbozlikka aloqador 25 nafardan ortiq shaxslar bezorilik ustida ushlanib, ularning faoliyatiga chek qo‘yildi.
O‘tkazilgan tadbirlar natijasida:
- 5 kg 921 gramm giyohvandlik vositalari;
- 414 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar;
- 42 ta qurol-yaroqlar;
- 221 ta o‘q-dorilar;
- 61 dona turli jinoyatga daxldor materiallar tayyorlangan kompyuter, telefon hamda taqiqlangan diniy adabiyotlar aniqlanib ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Misol uchun, Toshloq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro o‘z xonadonida 8 dona jangovar ov quroli o‘q dorilari, 61 dona gilzalar, 400 gramm porox, 140 dona 5,6 mm kalibrli jangovar o‘q-dorilar qonunga xilof ravishda saqlab kelinganligi aniqlandi.
Shuningdek, joriy yilning 9 dekabr kuni tezkor xodimlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar natijasida, muqaddam Jinoyat kodeksining 164, 165, 166 hamda 277-moddalari bilan sudlangan, Marg‘ilon shahar Guliston MFY B.Marg‘iloniy tor ko‘chasi 11-uyda yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan, tezkor vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan, jinoiy tajovuzkor Karimov Abdullo Qosimjonovich, shaxsga og‘ir tan jarohati yetkazib, yashirinib yurganligi aniqlanib ushlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110304 | Инструменты