Ijtimoiy tarmoqlarda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi oddiy fuqaroni mashina “kapot”ida sudrab ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yil 8 aprel kuniga o‘tar kechasi Farg‘ona shahar Alisher Navoiy va Amir Temur ko‘chalari kesishmasida Nexia-3 va Lacetti rusumli avtomobillar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng, voqea joyiga YPX xodimi yetib kelgan. Xodim har ikkala haydovchini tibbiy ko‘rikka taklif etgan. Biroq Lacetti haydovchisi ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortgan.
“So‘ngra shu joyning o‘zida dalolatnoma rasmiylashtirilib, haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 136-moddasi (transport vositalarini mastlik holatida boshqarish) asosida ma’muriy bayonnoma tuzish uchun xodim haydovchini boshqa bir Nexia-2 rusumli mashina bilan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyga olib borayotgan vaqtda, Lacetti haydovchisining tanishlari paydo bo‘lib qoladi. Ular o‘z tanishini qutqarish maqsadida Nexia-2 mashinasining oynalarini sindirib, xodimga turli darajada tan jarohati yetkazgan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, shu vaqtda Nexia -2 haydovchisi ommaviy zo‘ravonlikdan qutulish, shaxsiy xavfsizligini ta’minlash uchun mashinani harakatlantirgan. Aslida Lacetti mashinasi egasi bo‘lgan ayol Nexia’ni to‘xtatib qolish uchun mashina old “kapot”iga osilib oladi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda ushbu holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42300 | Инструменты