Huawei 1
FIDIC o‘zi nima va u O‘zbekistonga kerakmi?

O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov shu yil 23 fevral kuni Senatning 4-yalpi majlisida qilgan nutqida O‘zbekiston qurilish sohasidagi shartnomalarni FIDIC Xalqaro muhandis-konsultantlar federasiyasi standartlariga muvofiq tuzishga o‘tishi kerakligini ta’kidladi.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar bilan bog‘liq mutaxassislar: yuristlar, xalqaro banklar xodimlari hamda muhandislik va konsalting kompaniyalarining alohida vakillari, shuningdek, loyihani amalga oshirish guruhlari xodimlari uchun "FIDIC" tushunchasi kundalik ish vositasi hisoblanadi. Ammo keng ma’noda "FIDIC" qisqartmasi hali ham tushunarsiz bo‘lib qolayotganligini tan olish kerak.
Mutaxassislar yordamida FIDIC standartlari ichki muhandislik bozorimizga o‘zi aslida nima bera olishi mumkinligini aniqlashga harakat qilib ko‘ramiz.

Ushbu maqola Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida, “Qozog‘iston va O‘zbekistondagi muhandislik kompaniyalariga xizmat ko‘rsatuvchi tarmoq uyushmalarining salohiyatini oshirish” (ENGINE) loyihasi doirasida tayyorlangan bo‘lib, Yevropa Ittifoqi nuqtai nazarini aks ettirmasligi ham mumkin.

Suhbatimizga quyidagi ekspertlarni taklif etganmiz:

Olga Tsoy – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "O‘zInjiniring" Respublika loyiha institutining yuridik bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Muhandis-konsultantlar uyushmasining yuriskonsulti, FIDIC shartnomalari bo‘yicha mutaxassis, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 1-toifali yurist;

Larisa Belousova – «BRIDGE CONSULT» MCHJ direktori. FIDIC shartnomalari bo‘yicha mutaxassis (ish tajribasi 10 yildan ortiq), nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha mustaqil adjyudikator (Adjudicator, DAB/DAAB), mustaqil mediator, yuridik konsultant, ISO standartlari bo‘yicha konsultant;

Firuza Bobokulova – xalqaro huquq va arbitraj bo‘yicha, shuningdek, FIDIC shartnomalari bo‘yicha mutaxassis. FIDIC shartnomalari bo‘yicha arbitraj va Dispute Board jarayonlarida arbitr va tomonlarning huquqiy maslahatchisi, Xalqaro Savdo Palatasining Xalqaro arbitraj sudi (ICC) a’zosi.

Shunday qilib, FIDIC o‘zi nima ekanligiga oydinlik kiritaylik.

Xayrli kun, hurmatli ekspertlar. Suhbatimizda ishtirok etishga rozilik bildirganingiz uchun tashakkur. Xo‘sh, FIDIC haqida nima deya olasiz?

Firuza Bobokulova: Xalqaro muhandis-konsultantlar federasiyasi yoki qisqacha «FIDIC» (federasiya nomining fransuz tilidagi qisqartmasi) milliy muhandis-konsultantlar uyushmalarining butun jahon vakillik organi bo‘lib, dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidagi milliondan oshiq muhandislik mutaxassislari va 40 000 ga yaqin firmalar manfaatlarini ifodalaydi.

FIDIC odatda jahon qurilish va muhandislik tarmog‘ida, eng avvalo, yuqori qiymatga ega bo‘lgan va ko‘plab rivojlanish banklari tomonidan har tomonlama moliyalanadigan xalqaro qurilish loyihalari uchun qo‘llaniladigan shartnomalarni standartlashtiradi.

Bundan tashqari, Federasiya qurilish ishlari, infratuzilma loyihalari, EPC (“to‘liq foydalanishga topshirish”) loyihalari, konsalting xizmatlari va boshqalar uchun mo‘ljallangan shartnomalarning standart shakllarini chop etadi, shuningdek, mijozlar, konsultantlar, subkonsultantlar va qo‘shma korxonalar uchun standart bitimlarni va ular bilan birga dastlabki malakalash shakli, ijroni kafolatlash shakli, qabul qilish xati va boshqalar kabi tegishli materiallarni e’lon qiladi, shuningdek, tomonlarning shartnomalar bo‘yicha o‘zaro munosabatlarini, xatarlar va haqlarning adolatli taqsimlanishini hisobga oladi.

So‘nggi bir necha yil ichida biz butun dunyo bo‘ylab qurilish sanoatida sezilarli o‘sishni kuzatmoqdamiz. Hozirgi vaqtda loyihalar universal va ixtirolarga boy bo‘lib bormoqda va bu holat ko‘proq tajriba va mahoratni talab qilmoqda, chunki tomonlar uchun xatarlar ortib bormoqda.

Shu bois, muhandislar, pudratchilar va quruvchilar o‘zlarining loyihalari uchun xalqaro shartnomalar shakllarini rasmiylashtirishga harakat qilmoqdalar, chunki bunday bitimlarda ishlarning aniq hajmi, huquq va majburiyatlar, shuningdek, tomonlarning javobgarligi to‘liq aks etadi. Binobarin, FIDIC shartnomalari bunday loyihalar uchun namunaviy shartnomalar bo‘lib xizmat qiladi.

FIDIC namunaviy shartnomalari turli-tuman loyihalar uchun ishlab chiqilgan. Ular hujjat muqovasining rangi bo‘yicha alohida kitoblarga ajratib chiqilgan bo‘lib, hujjatda shartnomalarning qoida va shartlari keltirilgan.

Ajoyib ... Aytgancha, nima uchun FIDIC kitoblari bunday ranglar bilan belgilab chiqilgan va ularning bir-biridan farqi nimada?

Firuza Bobokulova: Bugungi kunga qadar FIDIC shartnomalarining yoki, odat bo‘yicha nomlanishiga ko‘ra, kitoblarining 9 ta asosiy proformasi (namunaviy shakli) ishlab chiqilgan.

Ular orasida eng keng tanilgani Qizil kitob bo‘lib, uning shartlariga ko‘ra Buyurtmachi loyihalash uchun javob beradi, Pudratchi esa qurilish uchun javobgardir. Qizil kitob, ayniqsa, avtomobil yo‘llarini qurishda ko‘p ishlatiladi. O‘zbekistonda infratuzilmaviy loyihalarning aksariyati Qizil kitobga asosan amalga oshiriladi.

Pushti kitob Qizil kitobning Xalqaro Taraqqiyot Banki (XTB) tomonidan uyg‘unlashtirilgan shartlarini iborat bo‘lib, ular ishtirokchi banklar tomonidan o‘z loyihalarida foydalanish uchun lisenziyalangan. XTB talablariga muvofiq Pushti kitobda majburiy audit, korrupsiyaga qarshi tartib-qoidalar, ekologik menejment, sog‘liqni saqlash va mehnatni muhofaza qilish kabi qo‘shimcha qoidalar jamlangan.

Sariq kitob ham keng qo‘llaniladi, uning shartlariga ko‘ra loyihalash va qurilish ishlari Pudratchi tomonidan amalga oshiriladi.

Faqat subpudratchilar uchun mo‘ljallangan xuddi shunday shartlar "Qurilish uchun subpudratchilik shartlari" deb nomlangan kitobda keltirilgan. Ushbu kitobning shartlari Qizil yoki Pushti kitob shartlariga moslashtirilgan, ammo, agar muhim o‘zgartishlar kiritiladigan bo‘lsa, ular Sariq, Kumush va Oltin kitoblardan foydalanuvchi Pudratchilar bilan shartnomalar tuzishda ishlatilishi mumkin.

MTQ/EPC deb nomlangan Kumush kitobda, ya’ni Muhandislik, Ta’minot va Qurilish (Engineering, Procurement and Construction) kitobida Pudratchining ob’yektni «to‘liq foydalanishga topshirish sharti bilan» qurishi nazarda tutilgan.
Oltin kitob – bu loyihalash, qurish va uzoq muddat ishlatishni o‘zida birlashtirgan shartnomadir: LQI/ DBO, ya’ni Loyihalash, Qurish va Ishlatish (Design, Build and Operate).

Oq kitob mijozga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha konsultant bilan tuziladigan namunaviy shartnoma bo‘lib, loyihani boshqarish, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslovini tayyorlash, texnik shartlarni tayyorlash to‘g‘risidagi shartnomalarni tuzish uchun mo‘ljallangan.

So‘nggi yangiliklar – bular yer osti qurilish ishlari uchun mo‘ljallangan FIDIC Sariq kitobi asosida 2019 yilda chiqarilgan Zumrad kitob va shartnomaning qisqartirilgan shakli bo‘lmish Yashil kitob. Ushbu Kitob murakkab bo‘lmagan, qurilish muddati 6 oygacha qisqa bo‘lgan va qurilish qiymati 500 000 AQSH dollarigacha bo‘lgan, subpudratchilik ishlari ko‘zda tutilmagan qurilish va muhandislik ishlari uchun qo‘llaniladi.

FIDIC shartnomalari yoki FIDIC kitobi proformalari "Umumiy shartlar" va "Maxsus shartlar"dan tarkib topgan: "Umumiy shartlar"da shartnomaning standart shartlari ko‘rsatiladi, "Maxsus shartlar" esa foydalanuvchilarga "Umumiy shartlar"ni muayyan bir loyihaning parametrlari va xususiyatlariga moslashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, "Umumiy shartlar" intellektual mulk bo‘lib, ularga o‘zgartish kiritish mumkin emas. Agar ularni o‘zgartirish zarurati tug‘ilsa, buning uchun alohida huquqlar sotib olinishi talab etiladi.

Aytgancha, FIDIC proformalari yoki kitoblari ingliz tilida tuzilgan. Ularning davlat tilidagi matni bo‘yicha holat qanday? Shuningdek, ularning ruscha matnlari bormi?

Olga Tsoy: FIDIC namunaviy shartnomalari ingliz tilida tuziladi. Ushbu shartnomalarni har qanday boshqa tilga tarjima qilish juda katta mehnatni talab qiladigan jarayon bo‘lib, u juda ko‘p vaqtni va, eng muhimi, tarjimonning katta mahorati va malakasini talab qiladi. Ushbu hujjatlar ko‘plab atamalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularning ma’nosi alohida bir normaning va shartnomaning ma’nosiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Tarjimonning o‘zi hujjatda tasvirlangan jarayonni juda yaxshi tushunib yetishi kerak. Barchamiz bilamizki, bunday yuksak malakali tarjimonlar juda kam, shuning uchun FIDIC shartnomasining tarjimasi tilshunoslarning yuristlar, moliyachilar va texnik mutaxassislar bilan birgalikda bajaradigan jamoaviy ishidir. Shu sababli, FIDIC namunaviy shartnomalarini turli tillarga tarjima qilish masalasi bilan bevosita Federasiyaning o‘zi shug‘ullanadi va ba’zi FIDIC shartnomalarining rasmiy tarjimalarini FIDIC veb-saytidan topishingiz mumkin. Faqat shuni yodda tutish kerakki, FIDIC shartnomalari va ularning tarjimalari ochiq manbalarga joylashtirilmagan va ma’lum bir shartnomani asl ingliz tilidagi yoki boshqa bir tildagi nusxasini olish uchun siz ushbu shartnomaning bosma yoki elektron versiyasini FIDIC veb-saytining o‘zida sotib olishingiz kerak.

Alohida bir davlat hududida tuziladigan barcha shartnomalar bilan miqdoriy taqqoslaganda FIDIC shartnomalarining ulushi juda oz bo‘lishini, matnni yuksak professional saviyada tushunish ahamiyati esa juda katta ekanligini hisobga olsak, shartnomalarni aksariyat mutaxassislar va, eng muhimi, investorlar tushunadigan tillarga tarjima qilish maqsadga muvofiq va bunday tillar ingliz, fransuz, ispan, xitoy va rus tillaridir. Bundan tashqari, faqat o‘zbek tilini biladigan mutaxassisning bozordagi imkoniyatlari o‘ta cheklangan bo‘lib, u raqobatbardosh bo‘la olmaydi. FIDIC hujjatlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish haqida gapiradigan bo‘lsak, tarjima harajatlari natijani oqlamaydi, chunki hozirgi kunda o‘zbekcha matndan foydalanuvchi mutaxassislar juda kam.

FIDIC standartlarini O‘zbekistonda qo‘llash kimga foydali: xorijiy investor, xalqaro moliya institutlari, xalqaro va mahalliy korxonalar – buyurtmachilar va pudratchilargami yoki birinchi navbatda davlatgami?

Firuza Bobokulova: Shuni ta’kidlashni istardimki, moliya institutlari va turli mamlakatlar davlatlari o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomalari doirasida ana shu xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan infratuzilmaviy, qurilish va boshqa turdagi loyihalar mavjud. Bunday loyihalarda ko‘pincha FIDIC shartnomalarining standartlari va proformalari yoki boshqa standart shartnomalar qo‘llaniladi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarga asoslangan, muayyan bir loyihani amalga oshirishga yo‘naltirilgan investisiya loyihalari ham mavjud. FIDIC shartnomalari proformalari bunday investisiya loyihalarida qo‘llanilishi mumkin, faqat agarda loyiha mezbon mamlakatning muayyan bir infratuzilmasiga, biror-bir ob’yekti qurilishiga taalluqli bo‘lsa hamda xorijiy investor va investisiyalarni qabul qilib olayatgan mamlakat ushbu loyihani amalga oshirish uchun faqat FIDIC shartnomalari proformalarini tanlab olgan bo‘lsalar. Shu bilan birga, investor va investisiyalarni qabul qilib olayatgan mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar xalqaro huquq normalari bilan va ular qo‘llash uchun tanlab olgan huquq normalari bilan tartibga solinadi. Binobarin, FIDIC shartnomalari proformalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarga asoslangan investisiya loyihalarida har doim ham qo‘llanilavermaydi.

Xalqaro moliya institutlariga kelsak, FIDIC standartlarini qo‘llash nafaqat bunday muassasalar uchun foydali, balki ular tomonidan har qanday loyihani moliyalashtirishning asosiy shartlaridan biri hamdir. FIDIC standartlari kabi xalqaro standartlar qo‘llanilgan hollardagina moliya institutlarining o‘z moliyasini taqdim etishi dunyo bo‘ylab FIDIC standartlarini qo‘llashga bo‘lgan qiziqishning ortishiga sabab bo‘ldi.

Olga TsoyFIDICning namunaviy shartnomalarining o‘ziga xos jihati shundan iboratki, ularda xatarlar va tomonlar manfaatlarining o‘zaro muvozanati saqlanadi. Shuningdek, ular shartnomalarni tuzish tartibini soddalashtiradi, chunki ular shartnomani tuzishda pudratchi va buyurtmachi uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi, bu esa shartnomaoldi ishlarini tezlashtiradi. Shuni ta’kidlash lozimki, namunaviy shartnomalardan foydalanish katta sarmoyalarni talab qilmaydi, bu esa shartnoma tomonlariga mablag‘larni tejash imkonini beradi. Albatta, tomonlar o‘z manfaatlarini hisobga olgan holda standart shartlarga ba’zi tuzatishlar kiritadilar, ammo shartnomani o‘zgartirish xarajatlari, tabiiyki, uni noldan yaratishdan ancha past. FIDICning namunaviy shartnomalari ko‘plab xorijiy investorlarga tanish va tushunarli ekanligi faoliyat jarayonida va biznesda tomonlarning o‘zaro birgalikda ishlash qoidalarini kutilgan va tushunarli qiladi, bu esa bozorimizga yangi xorijiy investorlar va xalqaro moliya institutlarining kirib kelishini osonlashtiradi.
FIDIC shartnomalari jahon amaliyotini hisobga olgan holda ko‘plab o‘n yilliklar davomida takomillashib kelmoqda. Ularga o‘zgartishlar kiritib boriladi: ishlamaydigan yoki adolatsiz normalar olib tashlanadi, tomonlarning manfaatlari muvozanatidan kelib chiqib, mavjud normalar tuzatiladi yoki yangi normalar kiritiladi. Har yili ushbu shartnomalarni qo‘llash amaliyoti va tajribasi to‘plab boriladi va tahlil qilinadi.

Yuqorida aytilganlarning barchasini hisobga olganda FIDIC namunaviy shartnomalaridan foydalanish mutlaqo hamma uchun: xorijiy investor, mahalliy korxonalar, buyurtmachi, pudratchi va subpudratchi uchun foydalidir. Ammo, eng avvalo, loyihani amalga oshirayotgan davlat uchun va loyiha mahsulotidan foydalanadigan so‘nggi iste’molchi uchun foydalidir. Axir, FIDIC – bu loyihani yaratish va amalga oshirishda barcha omillar:  moliyadan tortib texnologiyagacha, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishdan tortib yaratilayotgan mahsulotning xavfsizlik standartlarigacha bo‘lgan omillar hisobga olinganligining kafolatidir. Bundan tashqari, FIDICning amalga oshirish prosedurasi va mexanizmlari xatarlar va xarajatlarni oldan ko‘ra bilish, ularning oldini olish yoki ularni minimallashtirish, barqaror va sifatli ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Bularning barchasi biz uchun, ya’ni so‘nggi iste’molchilar va davlat fuqarolari uchun juda muhimdir, zero soliqlarimizning bir qismi ana shunday loyihalarni moliyalashga sarflanadi.

Yana bir muhim savol: FIDIC standartlari bizning qonunchiligimizga zid emasmi, nomuvofiqliklar yo‘qmi? Va qurilish sohasidagi milliy normativ-texnik bazani FIDIC standartlariga moslashtirish yoki ularga muvofiq ravishda o‘zgartirish kerak emasmi?

Olga TsoyFIDIC bizning qonunchiligimizga zid, degan fikr ko‘pincha u bilan ishlashni endi boshlagan mutaxassislarda paydo bo‘ladi.

Bizning huquqiy tizimimiz roman-german oilasiga tegishli, FIDIC esa ingliz-sakson oilasidan (umumiy huquqdan) o‘sib unib chiqqan.

Ingliz-sakson huquqi kodlashtirilmagan, shuning uchun tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning asosiy manbai shartnoma hisoblanadi. Kontinental huquq mamlakatlari uchun esa, shu jumladan O‘zbekiston uchun tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar, birinchi navbatda, qonunchilik bilan belgilanadi.

Ushbu farq namunaviy shartnomalar qoidalari bilan mahalliy huquq normalari o‘rtasida ziddiyatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, FIDIC shartnomalari proformalaridan foydalanganda ularni mahalliy qonunchilik normalariga moslashtirish zarur.

FIDIC va mahalliy qonunchilik o‘rtasidagi ziddiyatlar shartnomani tuzish, uni moslashtirish yoki ijro etish jarayonida xatolarga yo‘l qo‘yilganda paydo bo‘ladi.
Har bir muayyan loyihada buyurtmachi va pudratchi o‘rtasida yuzaga keladigan munosabatlarning turli-tumanligini hisobga olgan holda, shuningdek, loyiha amalga oshirilajak har bir davlat qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, FIDIC avval boshdan shartnoma proformasi va mahalliy qonunchilik o‘rtasidagi ziddiyatlarning oldini olish mexanizmini kiritib qo‘ygan. Bunday mexanizm sifatida Maxsus shartlar xizmat qiladi va ular yordamida mahalliy qonunchilikka zid kelmasligi uchun Umumiy shartlarga o‘zgartishlar kiritiladi.

Firuza Bobokulova: Amaldagi qonun va FIDIC shartnomasi o‘rtasidagi har qanday ziddiyatga qaramay, ular har doim bir butunlikni tashkil etishini unutmaslik kerak. FIDIC shartnomasida nazarda tutilmagan hodisalar sodir bo‘lgan hollarda shartnomada amaldagi qonunchilikka murojaat qilish sharti belgilab qo‘yilishi kerak. Bundan tashqari, agar shartnoma qoidalarini talqin qilish zarurati tug‘ilib qolsa, ana shunday qoidalarni o‘z ichiga olgan amaldagi qonun hujjatlariga murojaat qilish kerak. Ba’zi qoidalarning haqiqiyligi yoki qo‘llanilishi, masalan: javobgarlikni cheklash to‘g‘risidagi qoidalar, da’vo muddatining tugashi to‘g‘risidagi qoidalar va boshqalar amaldagi qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Xuddi shunday qoida kechikkan to‘lovlar bo‘yicha foizlar uchun ham qo‘llaniladi. Bundan tashqari, amaldagi huquq FIDIC shartnomasi buzilganda shu shartnoma va uning shartlarining haqiqiyligi va qo‘llana olinishini, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda huquqiy himoya vositalarini belgilab beradi. Shuningdek, amaldagi qonunchilik FIDIC shartnomasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalangan shartlarini to‘ldiruvchi shartlarni o‘z ichiga olishi mumkin.

FIDIC standartlariga o‘tish loyihani amalga oshirishning asosiy yakuniy natijalarini: qurilish obyektlarini o‘z vaqtida yakunlash va ularni topshirish, bu ishlarni loyiha byudjeti doirasida bajarishni sifat jihatidan yaxshi tomonga o‘zgartirishga imkon beradimi?

Larisa Belousova: Qurilishning har qanday turi, tabiatiga ko‘ra, loyiha faoliyatidir, ya’ni bu faoliyatdan maqsad baholanishi mumkin bo‘lgan va ma’lum vaqt oralig‘ida ma’lum resurslardan foydalangan holda olinishi kerak bo‘lgan mahsulotdir. Loyihani boshqarish nazariyalarida mahsulot sifatini belgilaydigan "loyiha uchburchagi" deb ataladigan tushuncha bor: bu - loyihani amalga oshirish uchun talab etiladigan ish hajmi, vaqt va resurslar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik.

Shu uchburchak tomonlari o‘rtasidagi har qanday disbalans yo mahsulot sifatiga ta’sir qiladi, yoki loyihani amalga oshirish muddatini uzaytiradi va, oqibatda, loyihani amalga oshirish xarajatlarini oshirib yuboradi, yoki aksincha, xarajatlarning oshishi muddatni uzaytiradi.

Qurilish loyihalarining eng dolzarb muammolaridan biri bu qurilish shartnomalari tomonlarining manfaat va majburiyatlari o‘rtasidagi muvozanatga rioya qilmaslik oqibatlari bo‘lib, bu loyihalarni amalga oshirishda kechikishlarga olib keladi, bu esa, o‘z navbatida, xarajatlar qiymatini oshiradi, ba’zan esa loyihaning to‘liq yopilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Jahon amaliyotida qurilish loyihalari ishtirokchilari munosabatlarning sheriklik modeliga asoslangan standartlar va namunaviy shartnoma shakllaridan foydalanishni afzal ko‘radilar. Shu bilan birga, ular orasida eng keng tarqalgani FIDIC standartlari va shartnoma proformalaridir, chunki FIDICning har qanday shartnoma proformasi qurilish loyihasining asosiy vazifasini – ma’lum bir sifatga ega ob’yektni ma’lum bir vaqt ichida ma’lum resurslar evaziga qurish vazifasini hal qilib beradi.

Shuningdek, FIDIC shartnoma proformalarining muhim xususiyatlaridan yana biri shuki, ularda nizolarni sudgacha hal qilish / nizolarning oldini olish bo‘yicha alohida tartib-qoidalar (DAB/DAAB) bor.

Soha mutaxassislari hamjamiyatining uzoq yillik tajribasi FIDIC vositalari loyihaning faol rivojlanishini ta’minlovchi eng samarali qurol ekanligini ko‘rsatdi, chunki mutaxassislarning, nafaqat yuristlar, balki muhandislarning ham loyihalarni boshqarish va nizolarni hal qilish bo‘yicha tajribalari muammolarni zudlik bilan va adolatli hal qilish imkonini beradi.

Yuqorida keltirilgan shartlar FIDICning "Oltin tamoyillar"iga (2019 yildagi birinchi nashri) asos qilib kiritilgan bo‘lib, ular shartnomaning FIDIC shartnoma proformasiga  muvofiqligini to‘g‘ri aniqlab olish uchun yaratilgan.
Xususan, Oltin tamoyillar asosida quyidagi muhim jihatlar ko‘rsatiladi:
« - Buyurtmachi eng yaxshi narx va sifat nisbatini oladi…
- Shartnoma shartlari har ikkala ahdlashuvchi tomon uchun keng qamrovli va adolatli bo‘lishi kerak…
- Iloji boricha nizolarning oldi olinishi, ular paydo bo‘lganda esa ular minimallashtirilishi va samarali hal etilishi kerak...»

Sizningcha, FIDIC standartlarini qaysi loyihalarga qo‘llash maqsadga muvofiq? Infratuzilmaviy loyihalarmi (masalan, avtomobil yo‘llari, elektr uzatish liniyalari) yoki yangi sanoat tarmoqlarini yaratishmi, ehtimol, uy-joy, ijtimoiy va madaniy obyektlarni qurishmi? Bu masala loyihani moliyalashtirish manbalariga bog‘liqmi? Iltimos, misollar keltirsangiz.

Larisa Belousova: Avval aytib o‘tganimizdek, infratuzilmani qurish loyihalarida, xoh yo‘llarni qo‘rish bo‘lsin, xoh elektr uzatish liniyalarini qurish bo‘lsin, xarid shartlarini moliyalashtiruvchi tomon belgilaydi, shu bois xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan deyarli barcha loyihalarda qurilish shartnomalarining xalqaro proformalaridan foydalaniladi.

FIDIC proformalari, fikrimcha, qurilish loyihalarini boshqarish va yuritish bo‘yicha juda unumli amaliy qo‘llanma hisoblanadi, shu sabab ularni deyarli har qanday qurilish loyihasida ishlatish mumkin. Zero, FIDIC shartnomalarining tuzilishi loyiha ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik qilish tizimini belgilab beradi va ana shu hamkorlikni shunday tartibga soladiki, xatarlar minimallashtiriladi va yuz bergan o‘zgarishlarga nisbatan samarali javob harakatlari amalga oshiriladi.

Hamkasblarim yuqorida ta’kidlaganlaridek, proformalarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ham moslashtirish mumkin. Masalan, mahalliy qonunchilikda FIDIC talqinidagi "Muhandis" (Engineer) ta’rifi yo‘q. Hamma uchun tushunarli ta’rif sifatida “loyiha rahbari”ni olish mumkin va uning vazifalari injiniring sohasidagi konsalting kompaniyasiga autsorsingga topshirilishi mumkin.

Nizolarni sudgacha hal qilish yoki uchinchi tomon vositachiligida nizolarning oldini olish (Adjudicator, DAB/DAAB) masalasiga kelsak, ushbu mexanizmlarni qo‘llash muayyan o‘rganish va yondashuvlarni taqozo etadi. Shaxsiy tajribamga asoslanib shuni aytishim mumkinki, ushbu prosedura xususiy loyihalar uchun umuman olganda mos keladi. Ammo davlat loyihalari uchun ushbu mexanizmlarni faqat loyihaning uchinchi tomon qarori shartnomaning muhim shartlaridagi o‘zgarishlarga, masalan, shartnoma qiymatining o‘zgarishiga taalluqli bo‘lmagan qismidagina qo‘llash mumkin.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlari allaqachon faol qo‘llanilmoqda, ammo ba’zi hollarda tomonlar ushbu masalaga rasmiyatchilik bilan yondashmoqdalar va bu lavozimga unchalik tayyor bo‘lmagan konsultantlarni tayinlash holatlari uchrab turibdi. 2021 yilda, men Adjyudikatorlar (Adjudicator) malakasini oshirish maqsadida Xalqaro muhandis-konsultantlar federasiyasi tomonidan o‘tkazilgan FIDIC Module 3 «Understanding DAB’s» kursini o‘tayotganimda yana bir bor shunga amin bo‘ldimki, faqat muntazam mashg‘ulotlar bilan birlashtirilgan amaliyotgina sizga keng o‘ylash imkonini beradi, ya’ni nafaqat muammoni aniqlash va uning to‘g‘ri va adolatli yechimini topish, balki uning oldini olish qobiliyatini ham paydo qiladi.

FIDIC shartnomalaridan foydalanishning afzalliklari to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, men qurilish loyihasidagi shartnomaning eng zaif tomonlaridan biri subpudratchi ekanligiga alohida urg‘u bermoqchiman. Masalan, agar subpudrat shartnomasida hujjat aylanmasi bo‘yicha, ish hajmi va sifatini baholash bo‘yicha aniq shartlar bo‘lmasa, subpudratchi uchun ishni qabul qilish faktini isbotlash ancha mushkul. Ish hajmi qabulini tasdiqlashning kechikishi moliyaviy oqimlarning kechikishiga olib keladi, bu esa, o‘z navbatida, ish jarayonining to‘xtatib turishiga, ba’zan esa ishning butunlay to‘xtab qolishiga sabab bo‘ladi. Vaziyatning bunday rivojlanishi Pudratchi tomonidan Subpudratchiga nisbatan jazo choralarining qo‘llanilishiga olib keladi.

Subpudratchi kompaniyalar uchun FIDIC proformalarining foydalarini ko‘rsatish uchun FIDICning "Oltin tamoyillari"ning eng muhim jihatlaridan biriga murojaat qilaylik (Birinchi nashr, 2019 yil):

«Pudratchi / subpudratchi o‘zining pul oqimini saqlab turishi uchun shartnomaga muvofiq bajargan ishiga mos to‘lovni o‘z vaqtida olishi kerak».
Shu bois, subpudratchilar uchun FIDIC proformlarini qo‘llash, ayniqsa FIDIC proformasi "Bosh" shartnoma bo‘lgan loyihalarda qo‘llash juda foydalidir, chunki FIDIC rangsiz kitobining "Subpudrat ishlari to‘g‘risidagi shartnoma shartlari"ni qo‘llash bilan subpudratchining loyiha jarayonlariga integrasiyalashuvi va, eng muhimi, ishlarni qabul qilib olish faktining shaffofligi va buning natijasida  to‘lovlarning o‘z vaqtida olinishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, FIDIC proformalari, yuqorida aytib o‘tganimdek, loyihalarni boshqarish va yuritishning strukturaviy shakllari bo‘lib, ular jahon muhandis-konsultantlar hamjamiyatining to‘plangan ko‘p asrlik tajribasiga asoslangandir. Shuning uchun, qurilish sohasida ushbu kitoblar qurilish loyihasini samarali boshqarish uchun juda qulay qurol bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Qaysi mutaxassislar FIDIC proformalari haqida hech bo‘lmaganda umumiy tushunchaga ega bo‘lishlari kerak? Bu faqat yuristlar uchun zarurmi yoki bu bilimlar loyihalovchi muhandislar uchun yoki, aytaylik, quruvchilar uchun ham kerakmi?

Olga Tsoy: Avvalo, FIDIC standartlari va proseduralarini tushunish loyihani boshqarish bilan shug‘ullanadigan, uni amalga oshirishning asosiy nuqtalarini ko‘radigan va boshqaradigan mutaxassislar uchun zarurdir. Va, albatta, barcha bosqichlarda: tender hujjatlarini tayyorlashdan tortib to tayyor ob’yektni topshirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda ishtirok etadigan, tegishli nizolarni hal qilish jarayonida loyiha ishtirokchilari manfaatlarini himoya qilishda, bu xoh nizolarni hal qilish kengashida bo‘lsin, xoh arbitrajda bo‘lsin, qatnashadigan yuristlar uchun ayni muddao.

Ko‘pincha "FIDIC qo‘llanilishi" va "muhandis" yoki "loyihalovchi muhandis" tushunchalari o‘rtasidagi aloqaga oid bir masala tug‘iladi. Gap shundaki, FIDIC kontekstidagi "muhandis" mutlaqo biz biladigan muhandis emas. "Muhandis" va "loyihalovchi" bu bizning tushunchamizda hisob-kitoblar, loyiha hujjatlari, chizmalar va rejalar, smeta va sxemalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan, alohida bir ishlab chiqarish jarayonida muhandislik yechimlarini topadigan mutaxassisdir. FIDICda esa "muhandis", yuqorida hamkasbim ta’kidlaganidek, buyurtmachi va pudratchi o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtiradigan mutaxassis bo‘lib, loyihaning tasdiqlangan dasturga muvofiq, texnik, moliyaviy va ma’muriy buzilishlarsiz amalga oshirilishini nazorat qiladi. U ham loyihani boshqarish bo‘yicha, ham loyihaning texnik ijrosi bo‘yicha bilim va tajribaga ega bo‘lgan shaxsdir. U tomonlarning manfaatlari muvozanatini ushlab turgan holda loyihaning lozim darajada va sifatli bajarilishini ta’minlaydigan, loyihani amalga oshirishning barcha masalalari bo‘yicha tomonlarga to‘g‘ri maslahatlar beradigan arbobdir. Qonunchiligimiz va amaliyotimizda bunga o‘xshash mutaxassis hozircha yo‘q.

Agar FIDIC proformalari muhim vosita bo‘lsa, u holda nima deb o‘ylaysiz: talabalarni FIDIC tushunchalari bilan tanishtirish uchun ba’zi universitetlarda, masalan, huquq, texnika yoki moliya institutlarida kamida bitta o‘quv kursini joriy etish maqsadga muvofiq emasmi?

Larisa Belousova: O‘zbekiston Muhandis-konsultantlar uyushmasi allaqachon FIDIC prezidenti ro‘yxatiga kiradigan trenerlarni jalb qilgan holda treninglar o‘tkazish bilan shug‘ullanishni boshlagan. Bu ishga baho berish uchun shuni aytish joizki, ushbu treninglarga nafaqat O‘zbekistondan, balki qo‘shni davlatlardan ham tinglovchilar kelib qatnashishmoqda.

Ushbu fanni mamlakat universitetlari dasturlariga kiritish masalasiga kelsak, davlat ta’lim sektoridagi peshqadamlardan biri bo‘lgan Toshkent Davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq kursini boshlashni rejalashtirmoqda. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining magistratura dasturida qurilish huquqi o‘qitiladi va bu ta’lim dasturi ham FIDIC shartnomalari proformalarini o‘rganishni o‘z ichiga oladi.

Albatta, agar FIDIC bo‘yicha bir necha ma’ruzalar moliyaviy-iqtisodiy hamda texnik universitetlarning o‘quv dasturlariga kiritilganda edi, bu bo‘lg‘usi mutaxassislarga hech bo‘lmaganda FIDIC haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lishlariga imkon bergan bo‘lur edi.

FIDIC sertifikati mahalliy mutaxassisga qanday afzalliklar beradi?

Larisa Belousova: Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, deyarli barcha infratuzilma va qurilish loyihalarida standart shartnoma proformalari, ayniqsa FIDIC proformalari qo‘llaniladi.

Men O‘zbekistonda bir necha loyihalarda ishlaganman va o‘sha loyihalarda mahalliy xodimlarni kamida 80% miqdorida jalb qilish ko‘zda tutilgan edi. Ko‘rinib turibdiki, moliya institutlari qurilish sohasida mahalliy mehnat bozorining rivojlanishini rag‘batlantirmoqda.

Bundan 10 yil oldin O‘zbekistonda FIDICni biladiganlarni bir qo‘lning barmoqlari bilan sanasa bo‘lar edi. Hozir esa malakali mutaxassislar ko‘payib bormoqda. FIDIC yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy sertifikatlash uchun ham asosiy mezon tajriba hisoblanadi. Va hozirda ba’zi mutaxassislarimiz va kompaniyalarimiz allaqachon xalqaro bozorga chiqishga imkon beradigan malaka darajasiga yetishishgan.

Shunday qilib, FIDICning u yoki bu vositalari bilan ishlash qobiliyatiga ega mutaxassislarning asosiy afzalligi bu xalqaro bozorga chiqishga imkon beradigan xalqaro kasbiy malakadir. Shuningdek, tajribali FIDIC foydalanuvchilari loyihalarni boshqarish ko‘nikmalarini orttiradilar va bu ko‘nikmalarini ular kichik hajmdagi qurilishlarda ham qo‘llashlari mumkin va bu ular uchun aslida katta yutuqdir.

Biroq, men FIDIC fanini bilish infratuzilmaviy qurilish loyihalarini boshlovchi yoki nazorat qiluvchi davlat sektori uchun alohida ahamiyatga ega, deb aytgan bo‘lar edim.  Ko‘pincha, professional tayyorgarlikka ega bo‘lmagan Buyurtmachi FIDIC qoidalari to‘g‘risida butunlay noto‘g‘ri fikrga ega bo‘ladi va xatarlarning aksariyat qismini pudratchining zimmasiga yuklashga harakat qiladi, natijada esa bu holat kechikishlarga, ba’zan esa loyihani amalga oshirishda o‘ta jiddiy muammolarga olib keladi.
Bundan tashqari, davlat Buyurtmachisi uchun o‘zgarishlarga o‘z vaqtida javob berish dolzarb masala hisoblanadi, chunki, hech kimga sir emaski, ba’zida loyihaviy o‘zgarishlar juda ko‘p miqdordagi byurokratik proseduralardan o‘tadi va bu ham loyihani amalga oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ammo shuni ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda respublika qonunchiligida byurokratik proseduralarning aksariyati sezilarli darajada qisqartirildi va, hatto, bekor qilindi va natijada bu, shubhasiz, loyihalar va investisiyalar sonining ko‘payishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Shu sabab, FIDIC mutaxassislari uchun ish hajmi sezilarli darajada ortdi, deb aytishimiz mumkin.

O‘zbekistonda FIDIC bo‘yicha kasbiy akkreditasiyadan o‘tgan o‘qituvchilar bormi?

Olga Tsoy: FIDIC kurslarini o‘tkazish va tegishli sertifikatlar berish uchun kurslarni FIDIC tomonidan akkreditasiyadan o‘tkazilgan trenerlar o‘tkazishi kerak.

Bunday treninglarni bevosita FIDIC Federasiyasining o‘zi ham, jumladan, onlayn tarzda, O‘zbekiston Muhandis-konsultantlar uyushmasi ham o‘tkazadi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, FIDIC Federasiyasining bitta treningining qiymati bir ishtirokchi uchun, masalan, modul 0 bo‘yicha 1 600 yevro, modul 2 bo‘yicha 1 800 yevro, modul 3 bo‘yicha  2 300 yevroni tashkil etadi. Mintaqaviy chegirmalar va tashkiliy xarajatlarning optimallashtirilishi tufayli Uyushmada o‘qitish qiymati ancha past bo‘lib, bu O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi mutaxassislari uchun o‘qitishni ancha hamyonbop qiladi. Misol uchun, iyun oyida O‘zbekiston Muhandis-konsultantlar uyushmasi nafaqat FIDIC tomonidan akkreditasiyadan o‘tgan, balki FIDIC prezidentining adjyudikatorlar ro‘yxatiga kiritilgan trenerlarni jalb qilgan holda modul 2 va modul 3 bo‘yicha treninglar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bir ishtirokchi uchun ikkita treningning umumiy qiymati taxminan 500 - 600 yevroni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Muhandis-konsultantlar uyushmasi O‘zbekiston hududida FIDIC treninglarini tashkil etish xizmatlarining yagona yetkazib beruvchisi bo‘lib, O‘zbekiston Moliya vazirligi tomonidan yagona yetkazib beruvchilarning rasmiy reyestriga kiritilgan. Ushbu maqom barcha korporativ va byudjet buyurtmachilariga, narxlardan qat’i nazar, Uyushma bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish imkonini beradi.

Maqolani O‘zbekiston Muhandis-konsultantlar uyushmasi PR mutaxassisi Gulnoza ALIMOVA tayyorladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80312 | Инструменты