Huawei 1
Flyadeal aviakompaniyasi Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshladi

“Flyadeal” aviakompaniyasi Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga yo‘lovchi reyslarini amalga oshirishni boshladi, deya xabar berdi “Uzbekistan Airports”.

21-noyabr kuni Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi parvoz amalga oshirildi. Aviatashuvchining “Airbus A330” samolyoti soat 23:40da Toshkent aeroportiga qo‘ndi.

Jidda-Toshkent-Jidda yo‘nalishi bo‘yicha muntazam ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar haftasiga besh marta dushanba, chorshanba, payshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

1-dekabrdan boshlab samolyotlar shu yo‘nalishda har kuni parvoz qilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 15-dekabrdan boshlab “Flyadeal” Jiddadan Namanganga ham parvozlarni yo‘lga qo‘yadi.

“Uzbekistan Airports” rahbari Javlonbek Umarxodjayevning ma’lum qilishicha, yaqin vaqt ichida Madina-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan", — dedi “Uzbekistan Airports” rahbari Javlonbek Umarxodjayev.

14-noyabr kuni “O‘zaviatsiya” agentligi “Flyadeal” aviakompaniyasining muntazam parvozlarini amalga oshirishga ruxsat bergandi.

Ruxsatnoma O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim asosida berilgan.

“Flyadeal” aviakompaniyasi Saudiya Arabistonining milliy aviatashuvchisi Saudia kompaniyasining 2017-yilda ishga tushirilgan va loukoster modelida ishlaydigan sho‘ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya Jidda xalqaro aeroportida joylashgan va 32ta samolyotga ega.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112220 | Инструменты