Huawei 1
Vazir o'rinbosarini haqorat qilgan sobiq deputat Qobul Do‘sovga sud hukmi o‘qildi

22 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida sobiq deputat Qobul Do‘sovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining sudyasi Sarvar Mamadiyev raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqilgan.

"Sud sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan tashqari, jinoyat ishida to‘plangan dalillar bilan, ya’ni jabrlanuvchilarning arizasi, tushuntirish xatlari, guvohlarning ko‘rsatmalari, sudga doir lingvistik ekspertizalar xulosalari, yozuvlar skrinshoti, Facebook  ijtimoiy tarmog‘idagi “Kabul Dusov” nomli profilni va Telegram messenjeridagi “Kobul Dusov | RASMIY KANAL” nomli kanalni ko‘zdan kechirish bayonnomasi, sudga doir kompleks ekspertizalar xulosalari hamda jinoyat ishi bo‘yicha barcha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholangan dalillar bilan to‘liq isbotlangan deb hisobladi", deyiladi xabarda.

Sud hukmiga muvofiq Do‘sov jabrlanuvchi (Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari) Farhod Boqiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga (ozodlikni cheklash) asosan Do‘sovga sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqish cheklanishi va unga qo‘shimcha internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB Probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turish hamda mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlar yuklanishi belgilandi.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112301 | Инструменты