O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda gaz taʼminotiga ulanmagan hovlili uy-joylar uchun ham elektr energiyasi tarifiga 50 foizlik chegirma berilishi rejalashtirilayotganini aytdi. Bu haqda u “Lolazor” podkastida gapirdi.
Podkastda Qobil Hidirov vazirdan adolat nuqtai nazaridan gazlashtirilmagan hududlarda qishda va yozda ijtimoiy normani ko‘paytirish masalasi bo‘yicha takliflar bor yoki yo‘qligi haqida so‘radi.
«Bor. Nafaqat u bo‘yicha. Oldin generatsiya quvvatlarimiz yetarli bo‘lmagan. Hozir yetarli. Endi isteʼmolga nisbatan differensial tariflar [qo‘llaniladi]. Hozirgi kunda ko‘p qavatli uylar uchun 50 foiz chegirma amal qiladi. Biz gazlashmagan hovlili xonadonlarga nisbatan ham buni qo‘llash bo‘yicha topshiriq olganmiz», — dedi vazir.
Uning aytishicha, hozirda Energetika vazirligi bu bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan ishlamoqda. Shuningdek, sanoat korxonalariga yuklamaga qarab oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llash ham rejalashtirilmoqda.
«Masalan, 10, 20, 30 foizgacha, shuningdek, tungi vaqtlarda. Elektromobillar bo‘yicha ham topshiriq olganimizdan xabardorsiz. Hozir ularni kunning maʼlum vaqtida zaryadlash bo‘yicha ham rejalar ishlab chiqilyapti. Chunki shunday qilibgina biz energotizimimizni balansga keltira olamiz», — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
U buning sababi quyosh va shamol elektrostansiyalarini ishga tushirilayotgani va bu yil Andijon va Farg‘onada umumiy quvvati 300 megavatt bo‘lgan batareya-saqlash tizimlarini ishga tushirilishi ekanini qayd etdi. Hozirda Andijon va Farg‘onadagi qurilish davom etmoqda, Toshkent viloyatida ham batareya-saqlash tizimlari qurilishi boshlanishi kutilmoqda.
«Sentyabrda bizda birinchi marta ishlab chiqarilgan energiyani tarmoqqa qabul qila olmaslik holati bo‘ldi. Bunda energiyani qabul qila olmaysiz, lekin baribir pul to‘lanadi. Bu uch kun kuzatildi. Yaʼni isteʼmol ishlab chiqarishdan kam bo‘lgan. Shunday holatlarning oldini olish uchun 4 gigavatli energiya saqlash tizimlari ishga tushirilgach elektr energiyasi batareyada yig‘iladi, kerakli paytda esa tarmoqqa uzatiladi», — dedi vazir.
Uning aytishicha, isteʼmol ishlab chiqarishdan kam bo‘lgani uchun O‘zbekiston elektr energiyasi eksportini ko‘paytirgan, importni esa kamaytirgan. Mamlakat 2024 yilda 2023 yilga nisbatan 800 mln kilovatt soat kam elektr energiyasi sotib olgan.
«Qaror bo‘yicha [hovlili uy-joylarga ham chegirma berish bo‘yicha] Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan ishlayapmiz, shu oy yakunlasak, keyin qarorni kiritamiz. Ishlab chiqaruvchilarni ham inobatga olgan holatda katta ehtimol bilan 1 yanvardan joriy etishga harakat qilamiz», — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110604 | Инструменты