Germaniyada elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushi 2024-yilning birinchi yarmida rekord darajani qayd etdi.
Mamlakat statistika boshqarmasining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, qayta tiklanadigan energiya manbalari(QTEM)ning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi joriy yil birinchi yarmida 61,5 foizga yetgan. Oʻtgan yilning xuddi shu davrida mazkur raqam 53,3 foiz boʻlgandi.
Anʼanaviy manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarish 21,8 foiz qisqarib, uning ulushi 2023-yilning birinchi yarmidagi 46,7 foizdan 38,5 foizga tushdi.
Koʻmirda ishlaydigan elektr stansiyalarida ishlab chiqarish 26,4 foiz kamayib, birinchi yarim yillikda 45,9 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi generatsiya qilindi. Natijada ishlab chiqarishda ularning ulushi oʻtgan yildagiga nisbatan 6 foiz kamayib, 20,9 foizni tashkil etdi.
Tabiiy gazdan elektr energiyasi ishlab chiqarish 1,8 foiz kamayib, bu yil 32,1 milliard kVt⋅soatdan iborat boʻldi. Shunga qaramay, joriy yilda uning ulushi oʻtgan yildagidan 0,5 foiz oshdi va 14,6 foizga yetdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11513 | Инструменты