7-iyul kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — “Green University”da muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda bir nechta muhim voqealar sodir bo’ldi: “Green University” huzurida Iqlim rezidensiyasi rasmiy ochildi, magistratura bosqichining ilk bitiruvchilariga diplomlar topshirildi va “Green University” bilan AQShdagi Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Tadbirda mahalliy va xalqaro mutaxassislar, ilmiy doiralar vakillari, davlat idoralari hamda mintaqadagi yosh eko-faollar ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy mehmoni — barqaror rivojlanish sohasidagi yetakchi xalqaro ekspert, Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi direktori, professor Jeffri D. Saks bo‘ldi. Uning tashrifi O‘zbekistonning mintaqadagi iqlim diplomatiyasi, ekologik ta’lim va barqaror rivojlanish borasidagi yetakchi mavqeyini yana bir bor tasdiqladi.
Tadbir ochilishida professor Saks “Global Leaders Lecture Series” doirasida ochiq ma’ruza o‘qidi. Ma’ruza bugungi kundagi global muammolar — iqlim o‘zgarishi, ijtimoiy tengsizlik va tabiiy resurslarni boshqarishda tizimli o‘zgarishlar zaruriyatiga qaratildi. Talabalar, o‘qituvchilar va ekspertlar jamiyati vakillari dunyoning eng nufuzli mutaxassislaridan biri bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Tashrif doirasida “Green University” va Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum ham imzolandi. Ushbu hujjat iqlim siyosati, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohalarida yaqin akademik va tadqiqot hamkorligiga zamin yaratadi. Bu hamkorlik O‘zbekistonda "Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili" doirasidagi ustuvor yo‘nalishlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, mintaqadagi ilmiy va ta’lim salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirning eng muhim voqealaridan yana biri bu — O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Climate Residency Program” dasturining ochilishi bo‘ldi. Dastur mintaqaviy va global darajadagi ilmiy yetakchilik, tajriba almashinuvi, samarali siyosat ishlab chiqish va iqlim bo‘yicha yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash uchun muhim platformaga aylanishi kutilmoqda. Unda yetakchi xorijiy va mahalliy olimlar, maslahatchilar, siyosatchilar va amaliyotchilar ishtirok etadi va ular iqlimga moslashuv, yashil iqtisodiyot, ekologik huquq va barqaror moliyalashtirish kabi yo‘nalishlarda ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqadilar.
"Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun juda muhim tashabbusdir. Kolumbiya universiteti uchun “Green University” bilan hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega, — dedi professor Saks. — Energetik o‘tish, ekologik barqarorlik, global iqlim siyosati, barqaror moliyalashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda faol hamkorlikka tayyormiz."
Universitet tarixida ilk bor magistratura bosqichi talabalarining bitiruvi muhim voqelik bo‘ldi. Bitiruvchilar barqaror rivojlanish, barqaror moliyalashtirish va ekologik huquq kabi zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda ta’lim olishdi.
Bitiruvchilarga murojaat qilar ekan, Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov quyidagilarni ta’kidladi:
“Bugun biz “Green University”ning birinchi magistrlari bitiruv marosimini nishonlayapmiz. 2 yil oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan universitet zamonaviy ekologik muammolarni hal qila oladigan yangi avlod liderlarini tayyorlashni maqsad qilgan, uzoqni ko‘ra biladigan g‘oya sifatida paydo bo‘ldi. Bugun “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” doirasida bu tasavvur haqiqatga aylanmoqda. Bugungi tadbirning ahamiyati shundaki, unda ilmiy ma'lumotlarga asoslangan siyosat yuritish, iqlim innovatsiyalarini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qilgan ilg‘or tashabbus — Iqlim rezidensiya dasturining rasmiy ochilishiga ham start berildi”.
“Green University”dagi tadbir O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘lida olib borayotgan siyosati, global ilmiy va siyosiy jarayonlarga integratsiyasi, shuningdek, mintaqaning kelajagini o‘zgartira oladigan kuchli liderlar avlodini shakllantirish istagini yana bir bor tasdiqladi. Ekologiya vazirligi bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi va xalqaro hamkorlik hamda barqaror o‘sish uchun yangi ufqlarni ochishga intiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71602 | Инструменты