Huawei 1
Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatishga doir qonun loyihasini deputatlar qabul qildi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasida chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritish, hayvonlarda yuqumli kasalliklarning oldi olish hamda mamlakatimizda oziq – ovqat mahsulotlari havfsizligini ta’minlash masalalari nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, hayvonlarni hisobini yuritish, hayvonlarning nasli bilan bog‘liq va ularning sog‘ligi to‘g‘risidagi yagona elektron tizim yaratilishi belgilanmoqda. Hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, ro‘yxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarining, identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut ishlab chiqaruvchi va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari belgilab berilmoqda.

Qonun tashabbuskorlarining aytishicha, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining eng asosiy afzallik tomonlaridan biri, bu tizim orqali oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanadi. Shu sababdan iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht va boshqa mahsulotlar olinadigan qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya kabi hayvon turlari hamda ular uchun kasallik xafini tug‘dirishi mumkun bo‘lgan hamda kasallik kirib kelishini oldini olish, epizootik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida, it, mushuklarni identifikatsiya qilinishi taklif etilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi ichki va tashqi bozor uchun hayvonlardan olinadigan mahsulot prognozi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar bazasini shakllantirish, iste’mol uchun chiqariladigan barcha mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olishga, hayvon egalarining hayvonga egalik qilish, foydalanish, tasarruf qilish huquqlarini yanada kafolatlashga imkoniyat yaratadi.

Deputatlar qonun loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida unda nazarda tutilayotgan yangiliklar chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tashqi va ichki bozorlarni sifatli chorva mahsulotlar bilan ta’minlash, veterinar osoyishtalikni ta’minlashga xizmat qilishini alohida qayd etdilar.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahromjon Norqobilovga ko‘ra, bir martalik identifikatsiya ishlari to‘liq bepul qilib beriladi. Kelgusi yillarda tug‘ilgan hayvonlarni identifikatsiya qilish ularning egalari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda identifikatsiya qilish narxi o‘rtacha bir bosh qoramolga 15 ming so‘m, mayda shoxli mollarga esa 7,5 ming so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish bo‘yicha Jahon bankidan 33 mln dollar mablag‘ ajratilgan. 2024-2025 yillarda 25 ta tumanda, 2027 yil 1 yanvargacha barcha hududda chorva hayvonlari to‘liq identifikatsiya qilinadi.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100721 | Инструменты