Hindistonda odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostiga tushib qolgan O'zbekiston fuqarosining vatanga qaytishiga amaliy yordam ko'rsatildi

O'zbekiston elchixonasi Hindistonga aldov yo'li bilan olib kelingan va odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan yurtdoshimizning vatanga qaytishiga amaliy yordam ko'rsatdi

Diplomatik missiya konsullik bo'limiga Hindiston huquq-tartibot idoralaridan Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida ruhiy tushkunlik holatidagi Z. T. ismli O'zbekiston fuqarosi aniqlangani haqida ma'lumot kelib tushdi.

Shundan so'ng zudlik bilan yurtdoshimiz bilan aloqa o'rnatilib, u elchixonaga olib kelindi. Surishtiruv jarayonida Z. T. ga S. va K. ismli kimsalar tomonidan Dehli shahridagi oshxonalardan birida ofitsiant bo'lib ishlash taklifi bildirilgani aniqlandi. Biroq Hindistonga kelib, mehmonxonaga joylashgach, Z. T. aldov to'zog'iga tushib qolganini bilib qolgan hamda uni vatanga qaytarib yuborishlarini talab qilgan.

Biroq S. va K. Z. T. dan uning uchun sarflangan yo'l xarajatlarini qoplab berishini talab qilgan hamda jinsiy xizmat ko'rsatishga majburlashga harakat qilishgan.

Z. T. o'zi ushlab turilgan maskandan qochish va mahalliy politsiya vakillariga murojaat qilishga muvaffaq bo'lgan.

O'zbekiston elchixonasi tomonidan og'ir ahvolga tushib qolgan fuqaromizga tezkor konsullik-huquqiy yordami ko'rsatildi hamda homiy tashkilotlar ko'magida "Dehli-Toshkent" yo'nalishidagi aviareysga chipta sotib olindi.

Hindistonning tegishli muassasalari bilan O'zbekiston fuqarosini yolg'on va'dalar bilan Dehliga olib kelib, ekspluatatsiya qilishga urinishda gumon qilinayotgan kimsalarga nisbatan qonuniy chora ko'rilishi bo'yicha hamkorlik qilinmoqda.

Diplomatik missiya vatandoshlarimizni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg'on va'dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo'lib turish chog'ida mahalliy qonunchilik talablariga qat'iy rioya qilishga chaqiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122010 | Инструменты