“Kalkulyator odam” nomini olgan hindistonlik 14 yoshli bola aql bovar qilmaydigan arifmetika mahoratini namoyish etib, bir kunda oltita jahon rekordini yangiladi. Bu haqda Ginnesning rekordlar kitobi saytida xabar berildi.
Maxarashtralik vunderkind — Aaryan Shukla ismli maktab o‘quvchisi o‘zining birinchi rekordini bir yil avval o‘rnatgan edi: u 25,19 soniya ichida 50 ta besh xonali raqamlarni qo‘shishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘sha kundan e’tiboran bola doimiy ravishda matematika va mental arifmetika bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ginnesning rekordlar kitobi vakillari yangi rekordlarni qayd etish uchun uni Dubayga taklif qilishdi. Endi Aaryanning hisobida yana oltita mukofot bor.
Bola 30,9 soniya ichida miyasida 100 ta to‘rt xonali sonlarni, 1 daqiqa 9,68 soniyada 200 ta to‘rt xonali sonlarni, 18,71 soniyada esa 50 ta besh xonali sonlarni qo‘shdi.
Aaryanga 20 xonali sonni 10 xonali songa bo‘lish uchun 5 daqiqa 42 soniya kerak bo‘ldi. Shuningdek, u ikkita besh xonali sonlarni ikkita sakkiz xonali sonlarga ko‘paytirishi uchun 51,69 soniya va 2 daqiqa 35,41 soniya kerak bo‘ldi.
Aaryan aqlini charxlash va noyob qobiliyatini yanada rivojlantirish uchun kuniga besh-olti soat mashq qiladi. Shu bilan birga, bunday katta tezlikda ko‘p xonali sonlarni hisoblash qobiliyati qayerdan va nima sababdan paydo bo‘lganini o‘zi ham bilamaydi:
“Men miyamda nimalar yuz berayotganini aniq ayta olmayman. Bu jarayon menda tabiiy ravishda davom etadi. Hisoblash shunchalik tez amalga oshadiki, bu vaqtda o‘ylash uchun vaqtingiz juda ziq bo‘ladi. xayolim faqatgina misolni yechish bilan band bo‘ladi”, deydi rekordchi.
Aaryanning otasi farzandining matematik iqtidori sababini tushuntirib bera olmaydi. Hozirda Aaryanning ota-onasi o‘g‘lining o‘qishi tufayli haddan tashqari stressga tushmasligi uchun uni nazorat qilib boradi.
Maktab darslaridan tashqari kundalik arifmetik mashg‘ulotlar ko‘p vaqt va mehnat talab qilishiga qaramay, Aaryan dam olishga ham vaqt topadi. Masalan, u meditatsiya qilishni, sarguzasht va detektiv asarlarni o‘qishni, video o‘yinlar o‘ynashni, kriket bilan shug‘ullanishni hamda sayohat qilishni yaxshi ko‘radi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21602 | Инструменты