Huawei 1
"Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha ichimlik suvi tarmog‘i tortishimiz kerak" — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda yo‘l va infratuzilma masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

“G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” yo‘lining viloyatdan o‘tgan 100 kilometrini rekonstruksiya qilish hisobiga hududning tranzit salohiyatini 3 karra oshirish mumkin. Bu loyihaga Qarshi shahridagi yangi aylanma yo‘lning qolgan 13 kilometri ham qo‘shilsa, aholi eʼtiroziga sabab bo‘layotgan tirbandlik masalasi hal bo‘ladi. Mutasaddilarga bu borada kelgusi yildan amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Shuningdek, “Qarshi – Shahrisabz – Kitob” magistral yo‘lining 106 kilometrida rekonstruksiyani boshlab, 4 tasmagacha kengaytirish, Qamashi va Yakkabog‘ markazidan aylanib o‘tadigan 34 kilometrli yangi yo‘l qurilishini ham boshlash vazifasi qo‘yildi.

Ushbu 106 kilometr yo‘lning ikki tomoniga kamida 1 millionta daraxt ekib, “yashil belbog‘” barpo etish zarurligi qayd etildi.

“Toshkent-Termiz” yo‘lining Qashqadaryo hududidan o‘tgan 60 kilometri ham 4 tasmali qilinib, sement-beton qoplamaga o‘tkaziladi. Joriy yilda bu yo‘lning 20 kilometrini qurib bitkazish topshirildi.

Qashqadaryoda 3 ming kilometr tuproq qoplamali yo‘l bor. Mutasaddilar oldiga bu yo‘llarni to‘liq shag‘al qoplamaga o‘tkazishni boshlash vazifasi qo‘yildi. Viloyatdagi 9 ta ko‘prikni to‘liq taʼmirlashga topshiriq berildi.

So‘nggi 8 yilda ajratilgan 1,7 trillion so‘m hisobidan viloyatda markazlashgan suv taʼminoti 32 foizdan 61 foizga chiqdi. Lekin, bu respublikada eng past ko‘rsatkich ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda suv va kanalizatsiyani yaxshilashga bu yil 800 milliard so‘m ajratilgan. Mutasaddilarga buning hisobiga 183 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 8 ta suv inshooti qurilishini yakunlash topshirildi.

Qarshi shahri kanalizatsiya tizimini yaxshilash ishlarini ham shu oyda boshlash shartligi qayd etildi. Bunga xalqaro moliya institutidan 60 million dollar jalb qilingan.

Qarshi shahrida suv taʼminoti 97 foiz bo‘lsada, suv olib boradigan 110 kilometrli magistral quvurning yarmidan ko‘pi eskirgan, suv yo‘qotish yuqori.

“Shu bois, qanchalik qiyin bo‘lmasin, Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha ichimlik suvi tarmog‘i tortishimiz kerak”, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62020 | Инструменты