Joriy yilning 28-oktyabr kuni prezidentimiz “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Kodeks mehnat munosabatlari sohasida aholi tomonidan davlat va vakillik organlariga eng ko‘p yo‘llanadigan murojaatlar va e’tirozlarga aniq yechimlarni taqdim etadi.
Xususan, ish beruvchining ish haqini kechiktirish uchun javobgarligi (kechiktirilgan har bir kun uchun qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida) nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, xodimning pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi chiqarib tashlandi.
Ishdan bo‘shatish nafaqasini ish beruvchida ishlagan stajiga qarab differensiatsiyalashgan miqdori belgilandi.
Bundan tashqari, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish jarayonida jamoatchilik nazorati mexanizmlari aks ettirildi. Yakka mehnat nizolari komissiyalarda yoki sudda hal etilishi holatlari ko‘rsatilgan, yakka mehnat nizosi mediatorga yuborilishini joriy etish, mehnat arbitraji tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Nizolarni muqobil hal qilishning imkoniyatlari kengaytirilib, sudlardagi ish hajmi kamaytirildi. Ayrim toifadagi xodimlarning mehnati huquqiy jihatdan tartibga solindi.
Shuningdek, ish beruvchi tomonidan ish vaqti rejimining turli xil variantlarini belgilash mexanizmlari (smenali ish, moslashuvchan ish rejimi, ish kunini qismlarga bo‘lish va boshqalar) joriy etilmoqda.
Mikrofirmalar, YATTlarda mehnat qonunchiligi soddalashtirilishi, ish beruvchilarga muddatli mehnat shartnomasini tuzish asoslari kengaytiriladi, ish beruvchi tomonidan xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish va ishdan chetlashtirish tartibga solinadi.
Eng muhimi, yangilangan Kodeks bilan mehnat huquqlarini tartibga solishdagi bo‘shliqlar va qarama-qarshiliklar bartaraf etiladi. Shu bilan birga 1 mln. mavsumiy ish bilan band bo‘lganlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Eslatib o'tamiz, yangi qabul qilingan mehnat kodeksida yana o'zbekistonliklar uchun davlat bayramlari rasmiy dam olish kuniga to‘g‘ri kelsa, qo‘shimcha dam olish berilishi belgilangan.
Undan tashqari, endi O'zbekistonda 15 yoshdan kichik o'quvchilarga qonuniy ishlash uchun ruxsat beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112312 | Инструменты