Huawei 1
Issiqlik energiyasi yetkazib beruvchi qozonxonalar uchun gaz narxlari pasaytirildi

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-son qaroriga muvofiq, joriy yilning 1 may kunidan tabiiy gaz uchun bazaviy meʼyor va tariflar belgilangan edi.

Shuningdek, 2024 yil 31 maydagi Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-bandiga asosan, maishiy isteʼmolchini gaz bilan taʼminlash uchun tabiiy gazdan foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondiga, yuridik shaxslar yotoqxonalariga, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga hamda aholi ehtiyojlari uchun lokal qozonxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovlar va hisob-kitoblar kommunal-maishiy isteʼmolchilar uchun belgilangan tariflar va shartlar asosida amalga oshirilishi qayd etilgan.

Mazkur talab asosida aholi ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasi yetkazib berishda lokal qozonxonalar tabiiyki, meʼyordan ortiq tabiiy gaz isteʼmol qilingan bo‘lib, to‘lovlar va hisob-kitoblar 4 barobargacha qimmat tariflarda hisoblanib kelingan. Buning oqibatida aholi lokal qozonxonalar orqali issiqlik energiyasidan foydalanishda qimmat narxlarda to‘lash lozim bo‘lgan.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida, Raqobat qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda takliflar ishlab chiqilib, Hukumatga kiritilgan edi. Ushbu takliflarni inobatga olib Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-bandiga tegishli o‘zgartirish kiritildi.

Natijada maishiy isteʼmolchilarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash uchun tabiiy gazdan foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondidagi, yuridik shaxslar yotoqxonalaridagi, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlaridagi lokal qozonxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovlar va hisob-kitoblar maishiy isteʼmolchilar uchun bazaviy meʼyor bo‘yicha belgilangan tarif asosida (yaʼni amalda 650 so‘m) amalga oshirilishi qayd etildi.

Endilikda, aholi ehtiyojlari uchun yuqoridagi subyektlardagi lokal qozonxonalar orqali issiqlik energiyasi yetkazib berish xizmatlari tariflari mutanosib ravishda kamayishiga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120500 | Инструменты