Huawei 1
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto-aktivlar faoliyatini litsenziyalash narxlari bo‘yicha izoh berdi

Avvalroq, Kripto-aktivlar faoliyatini litsenziyalash narxlari belgilangani haqida xabar bergan edik.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boj miqdori yuqori ekanligi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarga munosabat bildirdi.

"Avvalambor, O‘zbekistonning “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berish uchun davlat boji miqdori va uni to‘lash tartibi agentlik tomonidan belgilanishi keltirilganligini taʼkidlash joiz.

Shu bois, mazkur tartib va miqdorlar jahon tajribasini hamda ushbu sohada faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro kompaniyalar (xalqaro kripto-birjalar) va mutaxassislarning (jumladan, YEI mamlakatlaridan) tavsiyalarini o‘rgangan holda belgilangan hamda agentlikning rasmiy veb-saytida ochiq va umumiy foydalanilishi mumkin bo‘lgan axborot sifatida joylashtirib kelingan.

Maʼlumot uchun: Internet tarmog‘idan olingan maʼlumotlarga ko‘ra, Gonkongda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi hizmat provayderi litsenziyasini olish xarajatlarining umumiy miqdori 2,5-25,5 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.

Ushbu miqdorlar kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati turidan kelib chiqib, shuningdek, mamlakat hududiga har xil turdagi firibgarlik loyihalari tashkilotchilarining kirib kelishiga to‘siq bo‘lib xizmat qilishi sifatida belgilangan.

Maʼlumot uchun: misol tariqasida 2017 yildan boshlab Estoniyaning vakolatli organlari tomonidan kripto-aktivlar bilan faoliyatni amalga oshiruvchi qariyib 1,5 mingdan ortiq kompaniyalarga litsenziyalar tarqatib chiqilganligini (litsenziyaning narxi xizmat turidan kelib chiqib, 1 000-1 500 AQSH dollar oralig‘ida belgilangan) keltirish mumkin.

Biroq, 2019 yilga kelib, Estoniya moliya institutlari orqali jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar aniqlangandan so‘ng, hukumat kripto-aktivlar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun talablarni kuchaytirdi, natijada 500 dan ortiq litsenziyalar bekor qilindi hamda 2020 yilga kelib kripto-bozorda faqatgina bir necha yuz kompaniyalargina qoldi.

Shuni taʼkidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasi to‘liq tartibga solingan. Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni (sotib olish, sotish, chiqarish va boshqa) amalga oshirish uchun hech qandayn to‘siqlar mavjud emas.

Shu bilan birga, ushbu sohada amalga oshirilgan barcha ishlarning natijasi sifatida 2024 yilda  mamlakatimiz kripto-aktivlar sohasidagi xalqaro reytinglarda 151 mamlakat ichida nufuzli 33-o‘rinni, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa 1-o‘rindaligini keltirish lozim", deyiladi munosabatda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122217 | Инструменты