Senatning uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson shaʼni va qadr-qimmati uchun” prinsipi asosida yangi bosqichga ko‘tarish, sud organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Islohotlar natijasida sud-tergov amaliyotida insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga qaratilgan samarali mexanizmlar ishlab chiqildi.
Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati
Senator tomonidan muhokama qilingan qonun ham mazkur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud tomonidan ishonchli taʼminlash maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, tergov sudyalari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish bosqichida protsessual qarorlarga sanksiya berish va maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish masalalarini qonunchilikda belgilash maqsadida ushbu qonun bilan tergov sudyalarining vakolatlari jumlasiga kiritilgan ishlarni ko‘rib chiqish asoslari hamda tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunning hayotga tatbiq etilishi tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20514 | Инструменты