Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Hindistonda ishlab chiqarilgan Cold Out yo‘tal va shamollashga qarshi sirop xavfi haqida ogohlantirdi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu "jiddiy jarohat yoki o'limga" olib kelishi mumkin. Bu oxirgi 10 oy ichida hind ishlab chiqaruvchisiga nisbatan beshinchi shunday ogohlantirishdir, deya xabar bermoqda DW.
Tadqiqot natijalariga ko'ra, Cold Out deb nomlangan dori toksinlarni o'z ichiga oladi.
JSST ma'lumotlariga ko'ra, sirop Fourrts Laboratories (Hindiston) tomonidan Dabilife Pharma uchun ishlab chiqarilgan va tarkibida maqbul darajadan yuqori ifloslantiruvchi moddalar mavjud.
Biroq, kompaniya vitse-prezidenti Bala Surendran o‘tgan oy Bloomberg News nashriga dori ishlab chiqarish boshqa kompaniyaga subpudrat tomonidan berilgani va uning kompaniyasi sinovdan o‘tgan namunada zaharli moddalar aniqlanmaganini aytdi.
Iroq bozorida topilgan sirop dori partiyasida 0,25% dietilen glikol va 2,1% etilen glikol mavjud edi. JSST ikkalasi uchun xavfsizlik chegarasi 0,10% gacha ekanligini ta'kidladi.
Bu moddalar: "qorin og'rig'i, qusish, diareya, bosh og'rig'i, ruhiy holatning o'zgarishi va o'limga olib keladigan o'tkir buyrak shikastlanishi" kabi belgilarni keltirib chiqaradi.
Hindiston Sog'liqni saqlash vazirligi, Bloomberg agentligining xabar berishicha, dori Iroqda o'tkazilgan alohida sinovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragach, mahsulot bozordan musodara qilingan.
O‘tgan yili Hindistonning “Maiden Pharmaceuticals” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘tal siroplari Gambiya va O‘zbekistonda kamida 89 nafar bolaning hayotiga zomin bo‘lgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51104 | Инструменты