Ijtimoiy tarmoqda "Karbamazepin" dori vositasi birlamchi qadog‘idan soch tolasi chiqqanligi haqida videomurojaat eʼlon qilindi. Holat yuzasidan SSV huzuridagi "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" Davlat muassasasi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hozirda holat ushbu markaz tomonidan o‘rganilmoqda. Mazkur preparat o‘rnatilgan tartibda laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilgandan so‘ng vaziyat bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi aytildi.
"Agarda siz dori vositalarining sifatsiz, belgilangan talablarga nomuvofiq ishlab chiqarilgan, nuqsonli holatlariga duch kelsangiz yoki uning sifatidan shubhalansangiz Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga murojaat qiling. Bunda o‘ram yoki qadoqdagi dori vositasi bilan birga uning xarid (tovar va kassa) chekini taqdim etishingiz kerak bo’ladi. Manzil: Toshkent sh., Ozod ko‘chasi, K. Umarov tor ko‘chasi, 16-uy, telefon (71) 203-01-01 ichki raqam 23-40)
Eslatib o'tamiz, har bir murojaat qonunda belgilangan tartibda o’rganilib, dori vositasining zararli ta’sirini tasdiqlovchi faktlar mavjud bo‘lgan taqdirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ularning ishlab chiqarilishini, tayyorlanishini, import qilinishini, realizatsiya qilinishini to‘xtatib turish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilishi hamda ta’sir choralari qo‘llanilishini ma’lum qilamiz", deyiladi rasmiy munosabatda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122500 | Инструменты