Andijonda koronavirusga olingan test natijasi 24 soatda ma'lum qilinmoqda
Andijondagi xususiy shifoxonalarda koronavirusga test olinmoqda.
Andijon shahridagi “Sog'lom tabassum” xususiy korxonasiga qarashli Tibbiy-diagnostika markazi fuqarolarda koronavirus infeksiyasi bor-yo'qligini tekshiruvchi ana shunday nodavlat tibbiy muassasalardan biri.
Ayni kunda kasallikka gumoni bo'lgan, ammo alomatlarini sezmagan shaxslar mazkur markazda test tahlillarini topshirmoqda.
– Joriy yilning 23 iyulidan test o'tkazish amaliyotini joriy qilganmiz, – deydi markaz ish yurituvchisi Dilbaroy Qodirova. – Bir kunda o'rtacha 50 ta murojaat bo'lmoqda. Ular nafaqat Andijon shahrida, balki viloyatning boshqa shahar va tumanlarida yashovchi fuqarolardir. Tahlil natijasi 24 soatda ma'lum qilinmoqda.
Markaz binosi oldiga chodir-palatka tiklangan. Shu yerning o'zida murojaatlar qabul qilinmoqda. Mutaxassis shifokorlar murojaat qiluvchilar haqidagi ma'lumotlarini qayd etib, tahlil uchun bodomsimon bezdan surtma olishmoqda.
– Men viloyatdagi qo'shma korxonalardan birida mehnat qilaman, –dedi murojaat qiluvchilardan biri. – Hamkasblarimdan biri kasallikda gumon qilingani uchun ish joyimda shifokorlar mendan ham tahlil uchun surtma olishgan. Menda kasallik aniqlanmadi. Lekin ma'lum muddat isitmalab, uy sharoitida davolandim. Hozir sog'ligim yaxshi. Garchi oddiy isitmaga chalingan bo'lsam-da, har ehtimolga qarshi markazda yana bir bor tekshiruvdan o'tyapman. Mana shunday markazlarning faoliyat yuritayotgani menimcha, kasallikni erta aniqlashga yordam beradi.
Test olish jarayoni koronavirus infeksiyasi yuqishi va tarqalishining oldini olish bo'yicha belgilangan tartiblar hamda karantin qoidalariga qat'iy amal qilingan holda amalga oshirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61516 | Инструменты