Kundalik tizimiga obuna bo‘lish ota-onalar uchun ixtiyoriy sanaladi - XTV

“Kundalik.com” majburiymi? Tizimga a’zo bo‘lish narxi qancha? Xalq ta’limi vazirligi elektron Kundalik platformasidan foydalanish bo‘yicha ota-onalardan kelib tushgan savollarga javob berdi.

Ma'lum qilinishicha, Kundalik.com ota-onalar va maktab hamkorligini mustahkamlash maqsadida joriy qilingan ta’lim resursi sanaladi. Vazirlik xabariga ko'ra, Kundalik.com tizimiga obuna bo‘lish ota-onalar uchun ixtiyoriy sanaladi. Foydalanuvchilar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar “O‘zbektelekom” serverlarida saqlanadi. Bu esa o‘quv jarayonlariga aloqador barcha ishtirokchilarning shaxsiy ma’lumotlari ishonchli himoyada ekanligini anglatadi.

Mazkur tizimning afzalliklari shundaki, bu orqali, avvalo, o‘qituvchining vaqti tejaladi, ularga elektron jurnaldan foydalanish bepul taqdim etiladi. Misol sifatida aytish lozimki, qator rivojlangan mamlakatlar o‘qituvchilari buning yordamida har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejaydi. Mazkur tejalgan vaqtni esa o‘qituvchi bolalar bilan ijodiy shug‘ullanishga yoki qo‘shimcha o‘quv materiallarini o‘zlashtirishga sarflashi mumkin.

Shuningdek, Kundalik.com loyihasi to‘liq investitsiya mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib, dasturiy mahsulotni yaratish, uni maktablarga joriy etish, saqlash va rivojlantirish uchun byudjet mablag‘lari sarflanmaydi.

Mazkur elektron kundalikning narxi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qog‘oz kundalik narxiga mos tarzda belgilangan hamda yildan yilga arzonlashtirilib borilmoqda. Xususan, 2020-yilda uning yillik obuna narxi (365 kun) 9200 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 8600 so‘mni, 2022-yilda 8000 so‘mni tashkil etmoqda.

Kundalik.com — raqamli ta’lim platformasi bo‘lib, o‘qituvchilar uchun onlayn rejimda darslarni rejalashtirish, dars ishlanmalarini tuzish, o‘quvchilarning davomati va yutuqlarini jurnal hamda kundalikning elektron shakllarida yuritish imkonini yaratadi. Uning yordamida statistik hisobotlar avtomatik tarzda yuritiladi va qo‘lda yozish shart emasligi bois vaqt behuda sarflashning oldi olinadi.

Mazkur tizim O‘zbekistonning ichki internet tarmog‘i — TAS-IX hududida joylashganligi sababli platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalaniladigan internet-trafik sarflanmaydi. Shu bilan birga tizim internet tarmog‘i yetib borgan va yaxshi aloqa sifati ta’minlangan hududlardagi maktablargagina joriy qilingan. Tabiiyki, internet aloqasi mavjud bo‘lmagan (masalan, tog‘li qishloqlar) hududlardagi maktablar an’anaviy kundalik daftarlaridan foydalanishi davom etmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41906 | Инструменты