Leapmotor O‘zbekistonga ruxsatsiz kirgan avtomobillarni tan olmaydi – O‘zTest

O‘zbekistonga norasmiy (ruxsatsiz) olib kirilgan avtomobillar Leapmotor kompaniyasi tomonidan tan olinmaydi va ular uchun rasmiy kafolat va xizmatlar taqdim etilmaydi. Bu haqda “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi davlat muassasasi” (O‘zTest) matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 13 aprel kuni “Leapmotor Automobile Co. Ltd.” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi nomiga rasmiy murojaat xati yuborilgan. Ushbu murojaatda kompaniya O‘zbekiston hududiga ruxsatsiz distribyutorlar orqali olib kirilgan C16 rusumli avtomobil holatini tan olib, bunga oid muammolarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator choralarni ko‘rishga tayyor ekanini bildirgan.

Xatga ko‘ra, Leapmotor kompaniyasi quyidagilarni tasdiqlamoqda:

  • O‘zbekiston Respublikasida faoliyatini faqat rasmiy distribyutor orqali davom ettiradi;
  • Norasmiy (ruxsatsiz) olib kirilgan avtomobillar kompaniya tomonidan tan olinmaydi va ular uchun rasmiy kafolat va xizmatlar taqdim etilmaydi;
  • Turni tasdiqlash hujjatini (OTTC) olish bo‘yicha sinov jarayonlari tez fursatda yakunlanadi;
  • Kelgusida O‘zTest bilan sifat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

“Mazkur hamkorlik avtomobillar xavfsizligi, sifat va texnik talablarga muvofiqligini ta’minlashga xizmat qiladi. O‘zTest kompaniyaning ushbu tashabbusini yuqori baholaydi va foydalanuvchilarning xavfsizligini himoya qilishga xizmat qiluvchi barcha jarayonlarda faol ishtirok etishda davom etadi”, deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты