Parlament quyi palatasi majlisida litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mazkur qonun loyihasi bilan amaldagi 3 ta kodeks, 5 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Unda tadbirkorlik subyektlarining 12 turdagi litsenziya, ruxsat berish va xabarnoma olish talabi bekor bo‘lishi, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish bo‘yicha arizalarni Davlat xizmatlari markazlari orqali ham taqdim etish imkoniyatini yaratish belgilanmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 215-5-moddasiga kiritilgan yangi qo‘shimcha - javobgarlik masalasi ushbu moddaning o‘zida “davlat xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini va muddatlarini buzish” normasi ko‘rsatilgani sababli tashabbuskor tomonidan kiritilgan qo‘shimcha javobgarlik normasi deputatlarning takliflariga asosan chiqarib tashlandi.
Shuningdek, 4 ta litsenziya va ruxsatnomani xabardor qilish tartibiga o‘tkazish, 1 ta xabarnoma yuborish tartib-taomilini ruxsat berish tartibiga o‘tkazish, 2 ta litsenziya uchun xulosa olishni bekor qilish nazarda tutilmoqda. 3 ta ruxsat berish tartib-taomili “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirilmoqda.
Taʼkidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini yana-da soddalashtirishga, tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bozorda teng sharoitlar va raqobat muhitini taʼminlashga xizmat qiladi.
Munozaralarda bir qator savollar, takliflar o‘rtaga tashlanib, muhokama qilindi. Deputatlarning taklifiga ko‘ra, ayrim normalarni takomillashtirish zarur. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi masʼul qo‘mita tomonidan maromiga yetkaziladigan bo‘ldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42318 | Инструменты