Huawei 1
"Mablag‘lar mamlakatdan chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan" — ILMA bukmekerlik haqidagi farmonni izohladi

Avvalroq, O‘zbekiston prezidentining "Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani haqida xabar qilingandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bukmekerlikka ruxsat berilishiga qarshi ko‘plab tanqidiy izohlar qoldirildi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mazkur qonun qabul qilinishi sabablarini tushuntirdi.

Qayd etilishicha, farmon tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va lotereyalarni tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni tartibga solish sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida ishlab chiqildi. Farmonni tayyorlash jarayonida Singapur, Vengriya, Janubiy Koreya, Gruziya va boshqa bir qator davlatlarning tajribasi o‘rganildi.

Ta’kidlanishicha, farmonda nazarda tutilgan choralar, birinchi navbatda, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, qimor o‘yinlariga qaramlikning oldini olish va unga qarshi kurashish, shuningdek, mablag‘larning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan. 

Xususan, Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar milliy provayderlarning tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini tashkil etish va ular faoliyatini monitoring qilish, o‘yinlarga haddan tashqari qaram bo‘lgan shaxslarni va ayrim toifadagi fuqarolarni o‘yinlarda qatnashishdan himoya qilish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish mexanizmlarini joriy etishni o‘z ichiga oladi.

Farmonning amalga oshirilishi Internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati va lotereyalar tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni huquqiy tartibga solish uchun ishonchli asos yaratadi, qonuniy ravishda tashkil etilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va qimor o‘yinlariga qaramlikka qarshi kurashning samarali mexanizmlarini joriy etadi, shuningdek, davlat budjetiga turli ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha daromad manbalarini ta’minlaydi.

Ma’lumot berilishicha, fuqarolar xorijiy onlayn platformalarda o‘ynaganligi sababli mamlakatdan valyuta mablag‘larining chiqib ketishi (hisob-kitoblarga ko‘ra, fuqarolar tomonidan qimor o‘yinlarida qatnashish uchun yuborilgan mablag‘lar hajmi 350 milliondan 1 milliard AQSH dollarigachani tashkil qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga