O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovlarni tiklash taklif qilindi. Bu haqda 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan byudjetnoma loyihasida keltirilgan.
Byudjetnomaga ko‘ra, bu maktablarni darsliklar bilan ta’minlashda ota-onalarning faolligini oshirishga qaratilgan. 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab 2-11 sinf o‘quvchilari uchun darslik va mashq daftarlari to‘plami uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, 2024 yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni (shundan mashq daftarlari – 100-150 ming so‘m) tashkil etgan.
Hujjatni ishlab chiqqanlar bitta darslik to‘plami uchun 80 ming so‘m, ya’ni uning narxining 16−18 foizini tashkil etadigan miqdorda to‘lov joriy etishni taklif qilmoqda.
Yig‘ilgan 376,6 millard so‘m mablag‘ har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.
“Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq Davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, deyiladi byudjetnoma loyihasida.
Bunday tizim davlat byudjeti yukini kamaytirish, ota-onalar va o‘quvchilarning o‘quv materiallariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishini kuchaytirishi kutilmoqda, bu esa mutasaddilarning fikricha, o‘quv jarayoni samaradorligini oshiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110604 | Инструменты