Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ayrim funksiyalari xususiy sektorga beriladi
Prezident tomonidan "Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon imzolandi.
Hujjat bilan:
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining, Maktabgacha ta’lim agentligining, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining tashkiliy tuzilmalari;
- vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarning xususiy sektorga o‘tkazilayotgan funksiyalari ro‘yxati tasdiqlanmoqda.
2023/2024-o‘quv yilidan boshlab:
- maktablarning 1-4-sinf o‘quvchilariga boshlang‘ich, 5-9-sinflarida tayanch hamda 10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan bilimlarni berishga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlari joriy etiladi;
- boshlang‘ich sinflarda informatika fani, o‘rta sinflarda esa o‘quvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan darslar joriy etiladi;
- barcha fanlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60%ga yetkaziladi. Bunda, darslardagi mavzular aniq muammoni hal qilish orqali o‘rgatiladi, amaliyot darslari esa loyihani bajarish shaklida o‘tkaziladi.
2023/2024-o‘quv yilidan boshlab pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajyor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaktdan boshlab 1 yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.
Bunda:
- malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi;
- malaka toifasi berishning yangi tartibi joriy qilinguniga qadar malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlarni o‘tkazishga moratoriy joriy etiladi;
- moratoriy davomida pedagog kadrlar navbatdagi malaka toifasini olish sinovlariga jalb etilmaydi hamda ularning malaka toifasini tasdiqlovchi sertifikatning amal qilish muddati navbatdagi sinovlarga jalb qilinguniga qadar avtomatik ravishda uzaytiriladi.
Xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan pedagog kadrlarga tarif stavkalarining amaldagi mikdorlariga nisbatan 70% miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.
2024-yil 1-iyundan boshlab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari maktablarning tegishli pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalarining amaldagi mikdorlariga tenglashtiriladi.
2023-yil 1-sentabrdan:
- tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida eng tajribali direktorlar iborat bo‘lgan Direktorlar kengashlari tuziladi;
- direktorlarni lavozimga tayinlash Direktorlar kengashi tavsiyasiga asosan ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini har 5 yilda bir marotaba kasbiy sertifikasiyalash tizimi joriy etiladi. Bunda, sertifikatsiyadan o‘ta olmagan direktorlar lavozimidan ozod etiladi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab bola tug‘ilganidan so‘ng, doimiy yashash manzilidagi mikrohududga biriktirilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida onlayn hisobga qo‘yiladi.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va joriy yil 31-maydan kuchga kirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60421 | Инструменты