Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida mineral suv ishlab chiqaruvchilar 45 ta ko‘rsatkich bo‘yicha xulosa olishi kerakligi aytildi. Tadbirkorlar shuning 43 tasi uchun Sanepidqo‘m tizimidagi laboratoriyalarga, qolgan 2 tasi bo‘yicha boshqa laboratoriyaga bormoqda.
Qo‘mitaga hamma tekshiruvni bitta joyda tashkil qilish topshirildi.
Meva-sabzavot va dukkakli ekinlar sifatini tekshirish uchun ham 3 ta tashkilotning laboratoriyasiga borish kerak. Eng yomoni, bu laboratoriyalarning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmaydi.
Shu bois eksportchilar qimmat bozorga chiqishdan oldin sertifikat olish uchun xorijga namuna jo‘natayapti.
Mutasaddilarga shu paytgacha birorta xalqaro tan olingan laboratoriyani olib kelmagani, eskirgan ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar chetdan keladigan vitrinali sovutkichlarni sertifikatsiyalash jarayoni 3 oygacha cho‘zilayotganini aytmoqda.
Kuryerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ishli qilayotgani, lekin mopedning o‘zi 300 dollar tursa, uni standartdan o‘tkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablag‘ ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Xususiy klinikalar “O‘zbekistonga ilk bor olib kelinayotgan ayrim tibbiy uskunalarni Farmqo‘mitada ro‘yxatdan o‘tkazish xarajati ularning narxidan 10 karra qimmat”, demoqda. Shuningdek, qo‘mitada oddiy termometrni ham, MRT uskunasini ham ro‘yxatdan o‘tkazishga 4-5 oy vaqt ketmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday to‘lov va tartibotlar mutasaddilar tomonidan naqadar chuqur o‘ylanganini savol ostiga qo‘ydi.
“Bu yondashuv to‘g‘rimi? Albatta yo‘q. Murakkabligi va xavflilik darajasiga qarab, tibbiy uskuna, tibbiy buyum va dori-darmon uchun alohida-alohida muddat belgilash kerak”, - dedi Prezident.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70321 | Инструменты