Minskdagi maktablardan biriga Ikkinchi jahon urushi qahramoni, vatandoshimiz G‘ulom Yoqubov nomi berildi
O‘zbekiston elchixonasining maʼlumotga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi yillarida Belarus hududini dushmandan ozod etishda qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbekistonlik qator jangchilar nomi abadiylashtirilmoqda.
Xususan, joriy yil 28-iyul kuni Minsk shahridagi 36-sonli o‘rta maktabga yurtdoshimiz, Ikkinchi jahon urushi qahramoni G‘ulom Yoqubov nomini berish haqidagi qaror eʼlon qilingan. 1915-yil Asaka tumani, “Xonqa” mahallasida tug‘ilgan G‘ulom Yoqubov urush boshlanganida birinchilardan bo‘lib o‘z ixtiyori bilan frontga ketgan. Qisqa muddatli ofitserlar tayyorlash qursini tamomlab, 2-Belorussiya fronti 169-diviziyasi 556-o‘qchi polkining avtomatchilar rotasiga komandirlik qilgan.
1944 yil 22-iyundan 23-iyunga o‘tar kechasi Mogilyov viloyatining Vixovka tumani Ludchissa qishlog‘idagi muhim tepalik uchun fashistlar va G‘ulom Yoqubov qo‘mondonligidagi rota o‘rtasida shiddatli janglar bo‘lib o‘tgan. Harbiy dalillarga ko‘ra, fashistlar tepalikka jami 40 marotaba hujum uyushtirgan. Ularning barchasini rota jangchilari kuchli matonat bilan qaytargan. Ushbu janglarda fashistlarning 400 dan oshiq askari yo‘q qilingan.
Biroq G‘ulom Yoqubov va uning qo‘l ostidagi bir guruh askarlar ham qahramonlarcha halok bo‘lgan. Ular katta hurmat va ehtirom bilan Ludchissa qishlog‘idagi birodarlik qabristoniga dafn etilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51109 | Инструменты