Misr hukumati tomonidan O'zbekistonga insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan "Sofosbuvir-400mg" dori vositasining joriy yildagi to'rtinchi partiyasi Toshkentga yetkazildi.
Mazkur partiya "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan Sharm-al-Shayxdan Toshkentga olib kelindi.
Misr hukumati yordamining joriy yildagi 4-partiyasi umumiy 32 dona qutidan iborat bo'lib, ular 7680 dona "Sofosbuvir-400mg" dori vositalarini o'z ichiga oladi.
Mamlakatimizda gepatit "S"ni 2030-yilga qadar bartaraf etish bo'yicha milliy dastur ijrosi doirasida dori vositalari Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.
O'zbekiston elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, Misr hukumati tomonidan 2023-2024-yillar davomida ushbu virusga qarshi vazni 12.4 tonna bo'lgan "Daclatasvir" va "Sofosbuvir" dori vositalarining 27 ta partiyasi mamlakatimizga yetkazib berilgan. Mazkur dori vositalarining umumiy qiymati 1.4 million AQSh dollariga teng.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62409 | Инструменты