Huawei 1
Mubashshir Ahmad Turkiyada qo‘lga olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Azon Global” axborot tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad Turkiyada politsiya tomonidan qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi rasmiy ma’lumot berdi.

Xabarga ko‘ra, haqiqatan ham, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov 2023-yilning 28-dekabr kuni Turkiya politsiyasi tomonidan o‘zi yashab turgan uyidan olib ketilgan va Istanbul viloyati Chatalja tumanida joylashgan Binkilich deportatsiya markaziga joylashtirilgan.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va bosh konsulxonasi tomonidan unga nisbatan tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.

“Azon Global” axborot tahliliy portalining ma’lum qilishicha, dastlab qandaydir anglashilmovchilik bo‘lgani, shu bois ommani behuda tashvishga solish kerak emasligi kabi mulohazalar bilan bu haqda keng ommaga xabar berilmadi.

“Ustoz Mubashshir Ahmadga qo‘yilayotgan ayblovlar umuman asossiz ekani, bu hol dastlabki surishtiruvdayoq aniqlanishiga va ustozni qo‘yib yuborilishiga qat’iy ishonch bor edi. Ammo, afsuski, vaziyat unday bo‘lib chiqmadi”, — deyiladi portal xabarida, biroq unga aynan qanday ayb qo‘yilganiga aniqlik kiritilmagan.

Qayd etilishicha, Turkiya qonunlari bo‘yicha gumonlanuvchini 3 kundan ortiq tutib turish mumkin emas, shu muddat ichida qo‘yilayotgan ayb isbotlansa, adliya idoralariga o‘tkazilishi, isbotlanmasa, chiqarib yuborilishi lozim. Ba’zan chet ellik shaxslarni qaytarib yuborish (deportatsiya) markazlariga o‘tkazishadi va u yerdan o‘z vataniga jo‘natishadi yoki ozod qilishadi.

Qo'shimcha qilinishicha, Mubashshir Ahmad oradan shuncha kun o‘tib ham deportatsiya markazida ekanligi tushunarsiz bo‘lib qolmoqda, unga advokatlar yordami ko‘rsatilayotgani va boshqa barcha kerakli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga