Bugungi tezkor axborot asrida aksariyat insonlar surunkali uyqusizlikdan aziyat chekmoqda. Doimiy stress, maʼlumotlarning haddan ortiq ko‘pligi odamlarning ushbu muammo bilan ko‘proq ro‘baro‘ kelishiga sabab bo‘lyapti.
Xo‘sh, bu holat salomatlik uchun qanchalik xavfli? Undan xalos bo‘lishda nimalarga rioya qilish kerak?
Mazkur savollarga Milliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Akmal Rahmatullayev javob berdi.
— Uyqu – inson sog‘ligida muhim o‘rin tutadi, — deydi mutaxassis. — Sababi odam uxlaganda mushaklar tonusi va arterial qon bosimi pasayib, yurak urishi, to‘qimalarga qon kelishi hamda tanadagi moddalar almashinuvi sekinlashadi. Natijada nafaqat miya, balki barcha tana aʼzolari “dam” oladi.
Afsuski, bugun ko‘pchilik bilan suhbatlashsangiz, yaxshi uxlolmayotganidan, ayrimlar esa surunkali uyqu kelmasligidan shikoyat qiladi.
Bunga esa juda ko‘p omillar sabab bo‘lishi mumkin. Jumladan, asablar zo‘riqishi, tunda ishlash, og‘ir mehnat sharoiti, stimullovchi dori preparatlarini qabul qilish, travmatik vaziyatlar, noqulay o‘rin-yostiqlar, spirtli va muntazam kofeinli ichimliklar ichish hamda tamaki chekish kabi holatlar doimiy uyqusizlikni keltirib chiqarish xavfi yuqori.
Qolaversa, bu muammo kuchli ruhiy va emotsional shikastlanishlar, nevroz, xavotirlanish, bosh miya kasalliklari (ayniqsa, miya qon tomirlari aterosklerozi), ichki aʼzolar va endokrin bezlar (buyrak, jigar, qalqonsimon bez) xastaliklari bilan bog‘liq nerv tizimining funksional buzilishlarida ham uchraydi.
Surunkali uyqusizlik oqibatida organizmda turli endokrin, yurak-qon tomir va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari hamda asab va ruhiy xastaliklar rivojlanish xavfi ortadi.
Agar mazkur holat muntazam bezovta qilsa, albatta, shifokorga murojaat qilish lozim.
Muammodan xalos bo‘lish uchun sog‘lom turmush-tarziga rioya qilish, sport bilan muntazam shug‘ullanish tavsiya etiladi. Biroq ularni uxlash oldidan bajarmaslik kerak.
Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida tarkibida kofein bo‘lgan har qanday mahsulotni isteʼmol qilish, uxlashdan avval qahva yoki achchiq choy ichish mumkin emas. Aksincha, yotishdan 5-10 daqiqa oldin tinchlantiruvchi mashqlar bajarish, sokin musiqa tinglash va iliq vanna qabul qilish maqsadga muvofiq.
Agar shifokor ko‘rsatmasi bo‘lmasa, zinhor uxlatuvchi dorilarni qabul qilish kerak emas.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11916 | Инструменты