Karmana tumanida farzandi uchun aliment to‘lamasdan qochib yurgan ota dalahovlidan topildi.
Maʼlum qilinishicha, Karmana tumanida yashovchi R.Yu. farzandi uchun aliment pulini to‘lamaslik maqsadida doimiy ravishda yashirinib, qochib yurgan. Unga nisbatan 2022 yil 7 aprelda qidiruv eʼlon qilingan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qarzdor ota yaqinda Karmana tumani “Yubiley” dalahovlilari jamiyatidagi dalahovlida yashirinib yotganida ushlangan. R.Yu.ning yig‘ilib qolgan qarzdorligi 49,8 mln so‘mni tashkil qilgan.
Otaga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan. Sudning qarori bilan esa unga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi qo‘llangan.
Qayd etilishicha, hozirda viloyatda 76 nafar qarzdor otani qidirib topish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu shaxslarning 34 nafari respublika hududida yashirinib yurganligi, 38 nafari esa chet ellarga chiqib ketganligi aniqlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122707 | Инструменты