O'zbekiston diplomatlari sa'y-harakati bilan O'monda og'ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan hamyurtimizning O'zbekistonga qaytishi ta'minlandi.
O'zbekiston elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, O'monda og'ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimiz I.S. murojaat qilib, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan yurtimizga qaytishida yordam so'rab murojaat qilgan.
Murojaatda qayd etilishicha, u 2019-yildan buyon O'monning al-Bureymi shahrida, asli kelib chiqishi eronlik bo'lgan, lekin hech bir davlat fuqaroligiga ega bo'lmagan, Ali ismli shaxs bilan shar'iy nikoh asosida birga yashab kelgan. I.S. shar'iy eridan 2020-yilda va 2022-yilda farzandlarni dunyoga keltirgan. Oila boshlig'ining hech qanday hujjatga ega emasligi va qonuniy nikoh shartnomasining yo'qligi sababli farzandlarga tug'ilganlik haqidagi guvohnomalarni rasmiylashtirish ham yillar davomida ortga surilib kelgan.
Shuningdek, oiladagi kelishmovchilik, noqonuniy erning farzandlarga nisbatan tez-tez kuch ishlatish holatlari va ularni al-Bureymi shahridagi xonadonda tutqinlikda saqlash holatlari ayolning O'zbekiston elchixonasiga yordam so'rab ariza yozishga undadi.
Arizada qayd etilgan holatlar batafsil o'rganilganidan so'ng, joriy yil 19-may kuni elchixona xodimlari al-Bureymi shahridagi I.S. ushlab turilgan xonadonga tashrif buyurishdi. Diplomatlar ko'magida ona va uning ikki nafar voyaga yetmagan bolalar Masqat shahriga olib kelindi hamda vaqtincha yashash uchun joy bilan ta'minlandi.
Shundan so'ng, elchixona konsullik bo'limi tomonidan O'mon tegishli davlat idoralariga murojaatlar qilinib, I.S.ning voyaga yetmagan farzandlariga tug'ilganlik haqidagi va Vatanga qaytish uchun guvohnomalar rasmiylashtirildi. "Vatandoshlar" jamoat fondi va O'zbekiston Migratsiya agentligi hamda Masqatdagi faol vatandoshimiz ko'magida mazkur oilaning O'zbekistonga qaytishi uchun aviachiptalar xarid qilindi.
Mazkur oila joriy yil 18-iyun kuni Masqat shahridagi xalqaro aeroportdan O'zbekistonga kuzatib qo'yildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62210 | Инструменты