Avvalroq 8-sentabr kuni prezident taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda maktabgacha taʼlim qamrovi 80% dan past bo‘lgan hududlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbari mamlakat ta’lim tizimini xalqaro miqyosdagi ta’lim tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha topshiriq berganini qayd etdi.
“Hozirda maktabga tayyorlov guruhlarida qamrov qariyb 100% ni tashkil etadi. Ushbu tizimni maktab ta’limiga qo‘shish orqali 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish bo‘yicha topshiriq berildi. Bundan bizga nima foyda? Birinchisi ta’lim sifati bo‘lsa, ikkinchisi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotgan o‘quvchilarimiz uchun bir yillik „Foundation courses“ — boshlang‘ich tayyorlov kurslarida o‘qish majburiyatini yengillashtiradi”, — dedi Sardor Rajabov.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosarining ta’kidlashicha, hozirda ushbu talab tufayli O‘zbekiston yoshlari bir yil vaqtini yo‘qotyapdi. Qonunchilikda 12 yillik ta’lim tizimini belgilash esa bir qator davlatlarda mavjud bo‘lgan tayyorlov kurslarida o‘qish majburiyatini bekor qiladi va to‘g‘ridan to‘g‘ri bakalavr darajasida o‘qish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, taqdimotda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish uchun tarbiyachilarning malakasini oshirish, bog‘chalarda oliy ma’lumotli tarbiyachilar sonini oshirish bo‘yicha alohida topshiriqlar berildi.
Sardor Rajabov endilikda O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti hamda hududlardagi pedagogika universitetlarida maqsadli qabul e’lon qilinib, tarbiyachilar uchun 5+1 formatida ta’lim berish tizimi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90920 | Инструменты