Huawei 1
O‘zbekiston eng baxtli mamlakatlar reytingida 53-o‘rinni egalladi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro baxt kuniga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Unda odatdagidek, eng baxtli mamlakatlar reytingi keltirilgan — ushbu reytingda Finlandiya ketma-ket sakkizinchi yil yetakchilik qilmoqda.

O‘zbekiston baxtlilik darajasi bo‘yicha 53-o‘rinni egalladi. Qozog‘iston 43-o‘rinda, Qirg‘iziston 75-o‘rinda, Tojikiston 90-o‘rinda qayd etilgan. Turkmaniston ro‘yxatga kiritilmagan.

Reyting 140 dan ortiq mamlakat aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan Gallup World Poll so‘rovi asosida tuziladi. Unda so‘nggi uch yildagi hayot sifatiga qarab davlatlarning baxtlilik darajasi baholanadi.

Tahlil jarayonida oltita asosiy ko‘rsatkich inobatga olinadi: aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kutilayotgan umr davomiyligi, erkinlik, saxovat va korrupsiyani anglash darajasi.

Shimoliy Yevropa davlatlari reytingda yetakchilikni davom ettirmoqda. Finlandiyadan keyin ro‘yxatdan Daniya, Islandiya va Shvetsiya joy olgan. Norvegiya bu yil yettinchi o‘rinni egalladi.

Lotin Amerikasining ikki mamlakati — Kosta-Rika (oltinchi o‘rin) va Meksika (10-o‘rin) birinchi marta eng baxtli mamlakatlar o‘ntaligiga kirdi. Shuningdek, kuchli o‘nlikdan Niderlandiya (beshinchi), Isroil (sakkizinchi) va Lyuksemburg (to‘qqizinchi) joy oldi.

AQSh 2024 yilda birinchi marta dunyoning eng baxtli 20 ta mamlakati ro‘yxatidan tushib qolgandi, 2025 yilda esa mamlakat 24-o‘rinni egalladi. Rossiya 66-o‘ringa ko‘tarildi, o‘tgan yili u 72-o‘rinda edi.

Eng baxtsiz mamlakatlar sifatida Serra-Leone, Livan, Malavi va Zimbabve tan olingan. Afg‘oniston ketma-ket oltinchi yil reytingga yakun yasamoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32109 | Инструменты