Numbeo tahliliy portali 2025 yil uchun dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlar va hududlarning yangilangan reytingini eʼlon qildi. Tadqiqot butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovlar orqali to‘plangan maʼlumotlarga asoslangan bo‘lib, jinoyatchilik va xavfsizlik darajasini subyektiv tarzda baholaydi.
Yangi hisobotga ko‘ra, dunyodagi eng xavfsiz davlatlar ro‘yxatida Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) yetakchilik qilmoqda. Amirliklar shaxsiy xavfsizlik va jamoat muhitining umumiy barqarorligi uchun yuqori baho olgan. Ikkinchi o‘rinda Andorra, uchinchi o‘rinda Qatar joylashgan. O‘zbekiston 25-o‘rinda qayd etilgan.
Eng xavfsiz mamlakatlar va hududlar o‘ntaligi quyidagilardan iborat:
- Birlashgan Arab Amirliklari;
- Andorra;
- Qatar;
- Tayvan;
- Makao;
- Ummon;
- Men oroli;
- Honkong;
- Armaniston;
- Singapur.
Qayd etilishicha, ushbu davlatlar va mintaqalarda jinoyatchilik darajasi past, aholining huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi yuqori, ichki vaziyat barqaror.
O‘zbekiston reytingda 25-o‘rinni egalladi. Ozarboyjon 35-o‘rinda, Rossiya 52-o‘rinda, Qozog‘iston 73-o‘rinda, Ukraina 81-o‘rinda, Qirg‘iziston 101-o‘rinda qayd etilgan. Turkmaniston va Tojikiston reytingga kiritilmagan.
Eng xavfli mamlakatlar ro‘yxatida Haiti birinchi o‘rinda. Keyingi pog‘onalarda Papua-Yangi Gvineya, Venesuela, Afg‘oniston, Janubiy Afrika, Honduras, Trinidad va Tobago, Suriya, Yamayka va Peru qayd etilgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu mamlakatlar zo‘ravonlik, ko‘cha jinoyati, talonchilik, korrupsiya va xavfsizlik hissiga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan boshqa omillar bo‘yicha yuqori ball olgan.
Numbeo jinoyatlar darajasi, kunduzgi va tungi xavfsizlik hamda o‘g‘irlik, hujum, vandalizm, irqiy yoki diniy zo‘ravonlik qurboni bo‘lish xavfini baholovchi foydalanuvchilarning javoblari asosida Jinoyat indeksi va xavfsizlik indeksini hisoblab chiqadi.
Maʼlumotlar rasmiy davlat statistikasiga emas, balki so‘rovda ishtirok etganlarning subyektiv idrokiga asoslanganini tushunish muhimdir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110818 | Инструменты