Huawei 1
“O‘zbekiston gazni 160 dollarga sotib olmoqda va 5,2 mlrd kub metr gaz import qildi” — Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 5-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida davlat budjeti daromadlarida bilvosita soliqlar ulushi kamayganini tushuntirdi. Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2024-yilning birinchi yarmida davlat budjeti daromadlari o‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan 18,7 trillion yoki 18,3 foizga o‘sib, 121 trillion so‘mga yetganini ma’lum qilgandi.

Davlat budjeti daromadlarida bevosita soliqlar (aylanmadan olinadigan soliqlar, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad va foyda soliqlar) ulushi 33,3 foiz — 40,3 trillion so‘mni, bevosita soliqlar (bojxona to‘lovlari, aksiz solig‘i va QQS) 33,1 foiz yoki 40 trillion so‘mni, resurs soliqlari — 14,2 foiz yoki 17,2 trillion so‘mni, boshqa daromadlar — 19,5 foiz yoki 23,5 trillion so‘mni tashkil etdi.

Davlat budjeti xarajatlari 16 foizga oshib, 149,8 trillion so‘mni tashkil etdi.

Deputat Faxriddin Samadov bilvosita soliqlar ulushi 3 foizga, resurs soliqlarining ulushi 1,4 foizga kamayganini ta’kidladi. U nega bilvosita soliqlar ulushi kamaygani va bu kamayish qaysi manbalar hisobidan sodir bo‘lganini so‘radi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ma’lum qilishicha, soliq organlari tomonidan 85,8 trillion so‘m soliq tushumi ta’minlangan, bu 2023-yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 12,5 foizga ko‘p. Uning aniqlik kiritishicha, bilvosita soliqlar ulushi QQS va aksiz solig‘i hisobiga 22,8 foizdan 21,4 foizga (-1,4 foiz) kamaygan.

Soliq organlari 17,8 trillion so‘m (+12,3 foiz) QQS tushumini ta’minlagan. O‘tgan yilga nisbatan QQS qaytarish summasi 40 foizga oshib, 14 trillion so‘mni tashkil etdi, dedi u.

“2024-yil birinchi yarimyilligida 1000 kub metr gazni 160 dollardan import qilyapmiz yoki 2 million so‘mdan. Va 240 so‘m bojxonada to‘lanyapti. Va aholi va tashkilotlarga biz bugungi kunda buni 480 ming so‘mdan to 1,5 million so‘mgacha sotyapmiz. 60 ming so‘mdan [QQS] har 1000 kub metrga qaytarib beryapmiz”, — dedi u.

Mubin Mirzayevning aytishicha, birgina 2024-yilning birinchi yarmida tabiiy gazni xarid qilish va sotish funksiyalarini markazlashgan holda amalga oshiruvchi UzGasTrade kompaniyasi ushbu summani “undirish o‘rniga” 1 trillion so‘mga QQS qaytargan.

Shuningdek, soliq organlari tomonidan budjetga 8 trillion so‘mga aksiz solig‘i undirilgan, uning ulushi 0,2 foizga kamaygan.

“Birinchi navbatda, mana shu tabiiy gazdan 1,4 trillion so‘m tushumlar tushmasligi sabab bo‘ldi… 2023-yilning olti oyida agar bizda 2,3 milliard kub metr gaz import qilingan bo‘lsa, 2024-yilning birinchi yarmida 5,2 milliard kub metr gaz import qilindi va deyarli 2,2 barobar oshdi. Va shuning hisobiga biz 1,3 trillion so‘mlik aksiz solig‘ini olmadik”, — dedi u. Prezident qaroriga ko‘ra, gaz importi uchun nol aksiz stavkasi belgilangan, deb eslatdi SQ rahbariyati vakili.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91609 | Инструменты