Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev Milliy kutubxona "yaqin vaqt ichida" sutkasiga 24 soat ishlay boshlashini ma’lum qildi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi yaqin vaqt ichida haftasiga yetti kun, sutkasiga 24 soat ishlash rejimiga o‘tadi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.
"So‘rovingizga ko‘ra, AOKA va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan bog‘landim. Kutubxona tez orada 24/7 ishlash rejimiga o‘tishini ma’lum qilishdi. Hozir vazirlik va idoralar bilan jarayonni rasmiy yo‘lga qo‘yish ishlari davom etmoqda", — deb yozdi Sa’dullayev Twitter’dagi sahifasida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, "jarayon boshlangan, AOKA va Milliy kutubxona hamma ishlarni amalga oshirmoqda". "Xodimlarning tungi ish vaqti, mehnat tartibi va maosh to‘lash masalasida ekan jarayon. Umid qilamizki, tez orada jarayonni yo‘lga qo‘yib yuborishadi", — deya qo‘shimcha qilgan u.
Hozirda Milliy kutubxona ish kunlari 8:00 dan 21:00 ga qadar, dam olish (shanba va yakshanba) kunlari esa 9:00 dan 17:00 ga qadar kitobxonlarni qabul qiladi. Ayni vaqtda, "Nodir" noyob manbalar zali ish kunlari 9:00 dan 18:00 gacha faoliyat ko‘rsatadi, dam olish kunlari esa ishlamaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11512 | Инструменты