Huawei 1
O‘zbekiston Umra bo‘yicha dunyo reytingida kuchli 10 talikka kirdi

2024 yilda qariyb 461,5 ming nafar o‘zbekistonlik Umra amallarini ado etdi. Shu tariqa O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga boruvchi ziyoratchilar soni bo‘yicha dunyo miqyosida 10-o‘rinni qayd etdi. Mamlakat umrachilar soniga ko‘ra Markaziy Osiyoda yetakchi. Bu haqda 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon Ar-Rabi’aning Toshkentga tashrifi munosabati bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida so‘z bordi. 

“Yuqoridagi raqamlar o‘zbek xalqining Ikki muqaddas masjid bilan qanchalik chuqur bog‘liqligini aks ettiradi. Bu o‘z navbatida podshohlik hukumati tomonidan Umraning uzluksiz va to‘liqligini ta’minlash yo‘lida xizmatlar, sharoitlarning to‘la-to‘kis tizimini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarni ko‘rsatib beradi”, deyildi anjumanda.

Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirligi o‘z ishlarini O‘zbekistondagi vakolatli tomonlar bilan muvofiqlashtirgan holda amalga oshiradi. Bunda Umra shirkatlari ziyoratchilarga munosib tarzda yashash joylari va naqliyot vositalari kabi xizmatlarni ko‘rsatishi qat’iy nazorat qilib boriladi.

“Umrachilar safarini yengillashtirish uchun podshohlik texnologik taraqqiyot doirasida raqamlashtish borasida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning eng muhimi Nusuk platformasi bo‘lib, u umrachilarga osonlik bilan o‘z safarlarini avvaldan onlayn tashkillashtirish imkonini beradi. Bu jarayon vizalar olishdan tortib naqliyot va yashash joylariga buyurtma berish, hatto, manosiqlarni ado etish vaqtlarini belgilashga qadar qamrab oladi. Shu tariqa ibodatlarni uzluksiz va yengillik bilan ado etish kafolatlanadi.

Bundan tashqari, Haramain tezyurar poyezdi Makkai mukarrama va Madinai munavvara orasidagi masofani oz fursatda bosib o‘tish, omonlik va rohatda Umra manosiqlarini ado etish va Payg‘ambarimiz (S.A.V.) masjidlarini ziyorat qilish imkoniyatini yaratdi”, deya qo‘shimcha qilindi anjumanda.

Shuningdek, Haj va Umra manosiqlarini ado etishga talab oshib borayotgani uchun Ikki muqaddas masjid hududlarini kengaytirishga qaratilgan ulkan loyihalar amalga oshirilgan. Shu doirada tavof va sa’y qilinadigan hududlar yaxshilandi. Infrastruktura, shifoxonalar va salomatlik markazlari kabi yordamchi xizmatlar rivojlantirilgan.

“Saudiyaning “Nigoh-2030” strategiyasida ham Ikki muqaddas masjidda qulay shart-sharoitlarni takomillashtishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, ekologiyani asraydigan suv va tiklanadigan energiya tizimlari, sun’iy aql texnologiyalari asosida ziyoratchilarning katta guruhlari to‘planishini boshqarish va qator tillarda (ular orasida o‘zbek tili ham bor) ko‘rsatmalarni yetkazish tizimi ishga tushirildi”, dedi Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi vakillari.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21902 | Инструменты