Huawei 1
O‘zbekiston Yaponiyada o‘tkaziladigan Expo 2025 ko‘rgazmasida «Bilimlar bog‘i» paviloni bilan qatnashadi

O‘zbekiston 13 apreldan 13 oktyabrga qadar Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Butunjahon Expo Osaka 2025 ko‘rgazmasida «Bilimlar bog‘i» nomli paviloni bilan ishtirok etadi.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning arxitektura konsepsiyasini Atelier Brueckner byurosi ishlab chiqqan, qurilishni esa Nussli Switzerland Ltd. olib borgan.

O‘zbekiston paviloni allaqachon xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan. U Germaniya dizayn mukofotining (German Design Award) «A’lo me’morchilik — yarmarkalar va ko‘rgazmalar» nominatsiyasida oltin mukofotni qo‘lga kiritgan.

«Bilimlar bog‘i» paviloni — 750 kvadrat metr maydonni egallagan uch qavatli inshootdir. Loyiha ustida ishlash jarayonida mualliflar Xorazm mintaqasidan, xususan, Xiva shahridan ilhomlangan.

Majmuada o‘zbek me’morchiligiga ishora qiluvchi an’anaviy materiallar — yog‘och, loy, koshinlar bilan birga, yapon an’analariga xos sugi yog‘ochidan (yapon kedri) foydalanilgan.

Pavilonning loyihasi uchburchak shaklida tayyorlangan bo‘lib, Markaziy Osiyo xalqlariga xos an’anaviy tumordan ilhom olingan. Tumor shunchaki bezak emas, u mintaqa tarixi va an’analarida chuqur ildiz otgan himoya, ma’naviyat va madaniy meros ramzidir.

8 metr balandlikdagi muallaq yog‘och qurilma o‘rmonni ifodalaydi: u ham boshpana, ham bilim almashish joyi bo‘lib xizmat qiladi. Yog‘och qurilma har tomondan va yuqorisidan ochiq. Razm solish burchagiga qarab kesishgan yog‘och ustun va to‘sinlar o‘ziga xos naqsh va bezaklarni hosil qiladi, bu esa o‘zbek naqshin bezak berish san’atida milliy madaniyatning muhim qismi sifatida ishora qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41903 | Инструменты